Buxoroni neft-kimyo markazlaridan biriga aylantirish imkoni bor
Mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ochiq va pragmatik investitsiya siyosati o‘zining amaliy natijalarini yaqqol namoyon etmoqda. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida investorlar uchun yaratilgan qulay muhit, huquqiy kafolatlar va infratuzilmaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari O‘zbekistonni xalqaro sarmoyadorlar uchun jozibador makonga aylantirdi. Bugun investitsiya deganda nafaqat mablag‘ jalb etish, balki yangi texnologiyalar, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar, eksport salohiyati va minglab ish o‘rinlari nazarda tutilmoqda.
Buning yorqin namunasini Buxoro viloyatida tashkil etilgan zamonaviy neft-kimyo klasteri misolida ko‘rish mumkin. Bir necha yil avval sahro bag‘rida oddiy cho‘l hududi bo‘lgan joyda bugun mamlakat sanoati taraqqiyotining yangi ramziga aylangan ulkan ishlab chiqarish majmuasi faoliyat yuritmoqda.
2023-yilda davlat rahbarining Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida xorijiy investorlar tomonidan neft-kimyo klasterini tashkil etish bo‘yicha taklif ilgari surilgan edi. E’tiborlisi, mazkur tashabbus Prezident tomonidan darhol qo‘llab-quvvatlandi. Barcha tegishli vazirlik va idoralarga loyihani amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Natijada qisqa muddat ichida loyiha hududi erkin iqtisodiy zona tarkibiga kiritildi, davlat byudjeti hisobidan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari tortilib, zarur infratuzilma yaratildi. Aynan shu tezkorlik va amaliy yordam xorijiy hamkorlarni hayratga soldi. Bu esa O‘zbekistonga nisbatan ishonchni yanada mustahkamlab, qo‘shimcha investitsiya loyihalarining kirib kelishiga zamin yaratdi.
Darhaqiqat, dunyo tajribasida investorni jalb qilishning eng muhim omili mablag‘ emas, balki davlatning ishonchli hamkor sifatidagi munosabatidir. Buxorodagi mazkur loyiha aynan ana shu yondashuvning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Qiymati 340 million AQSH dollariga teng bo‘lgan mazkur korxona bugungi kunda mintaqadagi eng yirik sanoat ob’ektlaridan biri hisoblanadi. Zavodda zamonaviy texnologiyalar asosida piroliz mahsulotlarini qayta ishlash yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yil may oyidan boshlab korxonada yiliga 100 ming tonna piroliz distillyatini qayta ishlash quvvatiga ega qurilma to‘liq faoliyat boshladi. Bugungi kunda bu yerda kuniga o‘rtacha 2,5 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilmoqda.
Eng muhimi, “Piroliz gazolini va piroliz distillyatini qayta ishlash orqali aromatik uglevodorodlar ishlab chiqarish” loyihasi barcha sinov bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, xalqaro standartlarga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarishni boshladi.
Bu esa nafaqat mamlakatimiz ehtiyojlarini qondirish, balki tashqi bozorlarga raqobatbardosh mahsulot eksport qilish imkonini ham yaratmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bugun Buxoro viloyati sanoat mahsulotlari hajmida kimyo va neft-kimyo tarmoqlarining ulushi 42 foizni tashkil etmoqda. Yangi klaster to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, mazkur ko‘rsatkich 50 foizdan yuqori darajaga chiqishi kutilmoqda.
Bu raqamlar ortida esa ulkan iqtisodiy samara mujassam. Yangi ishlab chiqarish quvvatlari mahalliylashtirish darajasini oshiradi, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hajmini ko‘paytiradi, eksport tushumlarini kengaytiradi hamda davlat byudjetiga qo‘shimcha mablag‘lar keltirib chiqaradi.
Shu bilan birga, korxona to‘liq ishga tushgach, 600 dan ortiq doimiy ish o‘rni yaratiladi. Bu esa aholi bandligini ta’minlash va oilalar daromadini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qorovulbozor tumanidagi “Cho‘lquvar” mahallasi hududida barpo etilayotgan yana bir neft-kimyo majmuasi ham sohadagi istiqbolli loyihalardan biri hisoblanadi. Qiymati 60 million AQSH dollariga teng bo‘lgan ushbu zavod uglevodorod xom ashyolari hamda neft-kimyo chiqindilarini qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan.
E’tiborlisi, mazkur loyihalar alohida korxona emas, balki butun boshli sanoat ekotizimini shakllantirmoqda. Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, yaqin yillarda ushbu tarmoqqa qariyb 1 milliard AQSH dollariga teng qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilinishi rejalashtirilgan.
Bu esa Buxoroni nafaqat mamlakatning, balki Markaziy Osiyoning muhim neft-kimyo markazlaridan biriga aylantirish imkonini beradi.
Buxoroda amalga oshirilayotgan mazkur loyihalar bir haqiqatni yana bir bor tasdiqlamoqda: investorlar uchun qulay muhit yaratish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va infratuzilmani davlat tomonidan ta’minlash iqtisodiy taraqqiyotning eng samarali modeli hisoblanadi.
Prezidentimiz tomonidan investorlarga berilgan ishonch, huquqiy kafolatlar va amaliy ko‘mak bugun o‘zining yuksak samarasini bermoqda. Kechagina sahro bo‘lgan hududda yuzlab million dollarlik zamonaviy zavodlar qad rostlamoqda, yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda, yuzlab insonlar ish bilan ta’minlanmoqda.
Buxoro sahrosida barpo etilgan neft-kimyo klasteri oddiy investitsiya loyihasi emas. U mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, investorlarga nisbatan ochiq siyosat va davlat rahbarining uzoqni ko‘zlagan strategiyasining amaliy natijasidir.
Bugun mazkur klaster nafaqat Buxoro viloyati, balki butun O‘zbekiston sanoati uchun yangi bosqichni boshlab bermoqda. Eng muhimi, bu kabi loyihalar mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror o‘sishi, eksport salohiyatining ortishi va xalqimiz farovonligining yuksalishiga xizmat qilmoqda.
Sahro bag‘rida yoqilgan bu sanoat mash’ali kelajakda O‘zbekiston neft-kimyo sanoatining yangi davrini yoritishi shubhasiz. Bu esa Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yana bir yorqin sahifasi sifatida tarixga muhrlanadi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari