Buxorolik paxtakorlar zafar muborak
Buxorolik fidoyi, zahmatkash va omilkor bobodehkonlar davlatga paxta xomashyosi sotish rejasini bajardi. Viloyat paxtakorlari bu yil mo‘l hosil yetishtirib, 357 ming 685 tonnadan ortiq paxta xirmoni bunyod etdi. Hosilning aksariyat qismi yuqori navga sotildi.
So‘nggi yillarda viloyat qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida erishilayotgan muvaffaqiyatlar salmog‘i ortib bormoqda. Masalan, birgina 2021 yilgi dehqonchilik mavsumida viloyatda 345 ming tonnalik “oq oltin” xirmoni bunyod qilingan bo‘lsa, bu keyingi 20 yilda erishilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir. Aynan 2021 yilda gektarida o‘rtacha 36,3 sentner hosil olingani esa dehqon mirishkorlar zahmatli mehnatidan dalolatdir. Buning natijasida fermer xo‘jaliklari qo‘lga kiritgan yalpi daromad salmog‘i 3 trillion 600 milliard so‘mdan oshdi. Paxtachilik tarmog‘ida erishilgan sof foyda esa 750 milliard so‘mdan ziyod bo‘ldi.
Har yilgi an’anaga sodiq qolayotgan buxorolik mirishkorlar bu yilgi dehqonchilik mavsumini paxta va g‘allachilikda bunyod qilingan yuksak xirmonlar bilan birga, pillachilikda, qolaversa, aholi dasturxoni uchun meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirishda ham mamlakatda ilg‘orlar safida, salmoqli daromad bilan yakunlamoqda.
Bultur birgina paxta terimiga 586 milliard 700 million so‘m naqd pul berildi. G‘alla hosilidan 328 milliard 300 million so‘m, ipak qurti boqish hisobidan 72 milliard 600 million so‘m, takroriy ekinlardan esa 918 milliard so‘mdan oshirib daromad olindi.
Joriy yil dehqonchilik mavsumida qo‘lga kiritilayotgan foyda miqdori o‘tgan yilgidan kam emas.
Buxoro viloyati paxtakorlarining bunyod etgan “oq oltin” xirmoni 357 ming 685 tonnaga yetkazilgani so‘nggi yillarning nisbatan salmoqli hosilidir. Negaki, bu miqdor 2020 yilgi xirmondan 57 ming tonna, o‘tgan yilgidan 12 ming 650 tonnaga ko‘p. Boshqacha aytganda, mavsum yakuniga kelib viloyatning barcha tumanlari, xususan, 200 tadan ortiq hudud va ulardagi jami 2 ming 700 dan ortiq fermer xo‘jaligi shartnomaviy rejani ortig‘i bilan bajardi. Ko‘zlangan “oq oltin” xirmoni yuksalishida ayniqsa, Shofirkon, Qorako‘l, Romitan, G‘ijduvon, Vobkent, Kogon, Peshku, Buxoro, Qorovulbozor tumani dehqonlarining hissasi katta bo‘ldi.
Bu buxoroliklar uchun katta g‘alaba, albatta. Chunki yerlarning sho‘rlanish darajasi yuqoriligi, meliorativ holatining barqaror emasligi, noqulay ob-havo sharoiti mahalliy dehqon fermerlar uchun paxta hosilini yetishtirish, parvarishlash va yig‘ib olishda birmuncha qiyinchiliklar tug‘dirgani sir emas.

Albatta, hech bir zafar o‘z-o‘zidan yoki tasodifiy kelmaydi. Paxtachilikdagi bu mehnat g‘alabasi davlatimiz tomonidan yer egalari uchun yaratib berilayotgan sharoitlarning mevasidir. Bunday ulkan mehnat zafari zamirida Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Buxoroda ham qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilishga katta e’tibor qaratilayotgani, dehqonlarimizning fidokorona mehnati, ko‘p yillik tajribasi, paxta yig‘im-terimini uyushqoqlik bilan tashkil etish borasida amalga oshirilgan ishlar majassam.
Viloyatda yetishtirilgan yalpi “oq oltin” hosiliga “Yakkatut” paxtachilik, g‘allachilik, sholichilik va urug‘chilik klasteri, “Buxoro agroklaster”, “Merganteks”, “ Qorako‘l kumush kalava”, “Parvoz Xumo Ravnaq trans”, “BCT klaster agrokompleks”, “WBM Romiteks”, “Bahor chench tekstil”, “Buxoro zarhal teks”, "Ark eko tekstil" kabi paxta-to‘qimachilik klasterlarining hissasi katta bo‘ldi. Mazkur agroklaster sub’ektlari fyuchers tartibida, fermer xo‘jaliklari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma imzolagan. Boshqalardan farqli tomoni, har bir hududda yetishtirilgan paxta hosili shu yerning o‘zida “xom ashyodan tayyor mahsulotgacha” tamoyiliga muvofiq, qayta ishlanadi.
Yuqori hosil olishning muhim jihatlardan biri yerlar meliorativ holatining yaxshilanishi hamda tuproq-iqlim sharoitiga mos navlarning tanlanganidir. Joriy dehqonchilik mavsumida hududda 106 ming gektar yerda asosan “Buxoro-6”, “Buxoro-8” hamda “Buxoro-10” istiqbolli navlari asosida katta xirmon ko‘tarilgan bo‘lsa, uning qariyb 300 ming tonnasi, ya’ni 96 foizi birinchi, sara navga qabul qilindi. Qolaversa, urug‘lik paxta yetishtirish hajmi 3 ming 838 tonnani tashkil etdi. Viloyatda dehqonchilik madaniyati, ayniqsa, paxtachilikda o‘ziga xos tajriba maktabi yaratilgani, bevosita paxtachilikka ixtisoslashgan 3 mingdan oshiq fermer xo‘jaligida yerni ekishga tayyorlash va chigitni bir maromda undirib olish jarayonidan boshlab, ishning to‘g‘ri tashkil qilinganligi, qat’iy mehnat intizomi, agrotexnik tadbirlarning kechiktirmasdan olib borilgani yakunda umumiy muvaffaqiyatni ta’minladi.
Bu yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumiga ham puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Mehnat unumdorligi va ish sifati birinchi navbatda ishchilar uchun yaratilgan qulay ish sharoiti va ularning salomatligi, moddiy va ma’naviy manfaatdorligiga bog‘liq. Shu sababli ham joriy yilgi terim mavsumida terimchilarning ijtimoiy muhofazasi, ularga munosib mehnat sharoiti yaratish masalalari katta e’tibor qaratildi.
Kuz faslining ilk kunlaridan uyushqoqlik bilan boshlangan yig‘im-terim mavsumida jami 2 ming 100 dan oshiq terim otryadi 130 mingdan ortiq terimchini o‘zida birlashtirdi. Ular uchun dalada issiq ovqat va boshqa shart-sharoit hozirlangani, terib topshirilgan har kilogramm paxta uchun birinchi terimda 1500 so‘m, ikkinchi terimda esa 2000 so‘mgacha terim puli berilgani ko‘zlangan xirmonni sifatli yig‘ib olish imkonini berdi va bu jarayonda fermer xo‘jaliklariga yaqindan ko‘maklashgan ko‘ngilli terimchilar moddiy manfaatdorligi oshirildi.
Terilgan paxtani tayyorlov punktlariga o‘z vaqtida yetkazib berishni ta’minlash maqsadida zarur texnika vositalari jalb etildi. Terimda yonilg‘i mahsulotlari ta’minotida uzilish bo‘lmasligi uchun kerakli darajada zaxira yaratildi. Shuningdek, yonilg‘i-moylash mahsulotlarini bevosita dalaning o‘ziga yetkazib berish uchun yonilg‘i tarqatish agregatlari ishga to‘liq shay qilib qo‘yildi. Baxtsiz xodisalar sodir bo‘lishining oldini olish maqsadida yong‘in va texnika xavfsizligi bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi.

Paxtachilik mavsumida Shofirkon tumanidan “Do‘rmon” va “Vardonze”, Romitan tumanidan “Chelong‘u” va “Xalqobod”, Qorako‘l tumanidan “Sayyod” va “Darg‘ali”, G‘ijduvon tumanidan “Armechan” va “Zarafshon”, Vobkent tumanidan “Qo‘ng‘irot”, “Imomqoziqon” va “Xayrabotcha” hududlari raislari yil davomida fidoyilik namunasini ko‘rsatib, shunday murakkab yilda o‘z hududlari rejasini 110 foizdan orttirib bajarilishini ta’minlashdi.
Viloyatda paxtachilik tarmog‘ida olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar o‘zini oqlamoqda. Qo‘lga kiritilayottgan sof foyda salmog‘i esa oshirilmoqda. Erishilayotgan bu kabi muvaffaqiyatlar esa xalqimizning hayot sifatini yaxshilash, turmush farovonligini oshirish, ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi qatlamini har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi.
Zarif Komilov, O‘zA