Buxoroda tibbiyot yo‘nalishida ilg‘or tajribalar almashildi
FOTOREPORTAJ
Buxoroda «Abu Ali ibn Sino: zamonaviy tibbiyot va xalq tabobati – innovatsiyalar va investitsiyalar» mavzusida XIV Xalqaro Ibn Sino o‘qishlari o‘tkazildi.
Nufuzli xalqaro anjuman buyuk alloma Abu Ali ibn Sinoning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uning ilg‘or g‘oyalarini zamonaviy tibbiyot yutuqlari bilan uyg‘unlashtirish, xalq tabobati va integrativ tibbiyotning zamonaviy imkoniyatlarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Gibrid formatda tashkil etilgan tadbirda xorijiy va mahalliy mutaxassislar onlayn hamda oflayn tarzda ishtirok etdi.
Xalqaro Ibn Sino o‘qishlarida allomaning ilmiy, tibbiy va ma’naviy merosini zamonaviy ilm-fan nuqtai nazaridan tadqiq etish, zamonaviy tibbiyot bilan xalq tabobati o‘rtasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish, sohaga innovatsion texnologiyalar va investitsiyalarni jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Anjuman doirasida xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma tadqiqot va loyihalarni amalga oshirish, ilg‘or tibbiy tajribalarni ommalashtirish yuzasidan fikr almashildi.
[gallery-30932]
Ilmiy ma’ruzalarda Abu Ali ibn Sino asarlari va qo‘lyozmalarini zamonaviy texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellekt yordamida o‘rganish, profilaktik tibbiyot, uzoq umr ko‘rish, shuningdek, allomaning yurak va qon aylanishi tizimiga oid qarashlarining zamonaviy kardiologiya va farmatsevtikadagi ahamiyati kabi masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, xalq tabobati va integrativ tibbiyot, fitoterapiya, Sharq tabobati usullarini zamonaviy klinik amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, kasalliklarning oldini olishda mizojiy yondashuvlardan foydalanish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Xalqaro anjuman doirasida xorijiy ilmiy markazlar va yetakchi universitetlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzolash, qo‘shma ilmiy tadqiqot va ekspeditsiyalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Xitoy, Janubiy Koreya, Pokiston va O‘zbekistonning yetakchi mutaxassislari ishtirokida ignaterapiya, manual terapiya, bo‘g‘im kasalliklarini davolash va nuqtali ip implantatsiyasi yo‘nalishlarida mahorat darslari ham tashkil etildi.
Anjumanda Hindiston, Xitoy, Janubiy Koreya, Indoneziya, Eron, Turkiya, Italiya, Rossiya, Pokiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan akademiklar, olimlar, ekspertlar hamda tibbiyot sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbir davomida ilmiy ma’ruzalar, panel muhokamalari, amaliy mashg‘ulotlar va taqdimotlar o‘tkazilib, tibbiyotning zamonaviy yo‘nalishlari bo‘yicha ilg‘or tajribalar almashildi.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA