Buxoroda mard o‘g‘lonlar xotirlandi
Buxoroda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligi va 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan joylarda vatanimiz tinchligi uchun jonini mardlarcha fido qilgan o‘g‘lonlarning oilalaridan xabar olinmoqda.

Dastlab Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, sektorlar rahbarlari, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari mas’ullari va jamoatchilik vakillari marhum harbiy xizmatchi Akbar Fayziyev xonadonida bo‘ldi. Uning oilasiga sovg‘alar topshirildi. Mard o‘g‘lonni kamolga yetkazgan ota-onasiga minnatdorchilik bildirilib, porloq xotirasi yodga olindi.

Akbar Fayziyev 1986 yil 16 martda Buxoro shahrida tug‘ilgan. Buxoro shahridagi 6-umumta’lim maktabini tugatib, 2004 yilda Davlat xavfsizlik xizmati institutiga qabul qilingan. Oliy o‘quv yurtini tugatgach Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida chegara qo‘shinlarida xizmat qilib, mayor harbiy unvoniga erishgan. Akbar Fayziyev 2016 yilning kuzida xizmat burchini bajarish vaqtida mardlarcha halok bo‘lgan.

Ikki nafar farzandi bor. Vafotidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni asosida «Jasorat» medali bilan taqdirlangan.
Vatanimiz osoyishtaligi, xalqimiz farovonligi yo‘lida jasorat ko‘rsatib, jon fido qilgan mard yigitlardan yana biri Farrux Adilov 1990 yil 1 mayda Olot tumanida tug‘ilgan. Buxoro shahridagi 9-umumta’lim maktabini tamomlagach, 2009 yilda Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga o‘qishga qabul qilindi. 2013 yilda tugatgan. Oliy harbiy ta’limdan so‘ng Farg‘ona viloyatidagi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismda vertolyot bort-mexanigi lavozimda xizmat olib borgan. 2016 yil 18 oktyabrda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan.

Viloyat rahbari boshchiligidagi mutasaddilar marhum harbiy xizmatchining oilasida ham bo‘ldi. Uchrashuv davomida Farrux Adilovning yuksak fazilatlari, harbiy xizmat davridagi shijoati va mardligi yodga olindi.

Vatan tinchligi yo‘lida qilgan xizmatlari hech qachon unutilmasligi, doim e’tibor va e’zozda bo‘lishi ta’kidlanib, bayram sovg‘alari ulashildi.
Zarif Komilov, O‘zA