Buxoroda “Arxeologik park” barpo etildi
Buxoroda ichki va tashqi sayyohlik tarmog‘ini yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan “Arxeologik park”ning tantanali ochilish marosimi bo‘ldi.
Tadbirda xorijdan tashrif buyurgan sayyohlar, jamoatchilik va mahalliy aholi vakillari, turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik sohasi mutaxassislari, arxeolog olimlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Tadbirni viloyat hokimining o‘rinbosari Botirjon Shahriyorov kirish so‘zi bilan ochdi. Ta’kidlanganidek, ushbu tarixiy makon qayta tiklangan sayyohlik maydoni sifatida xorijiy turistlar va mahalliy aholi uchun yangi eksklyuziv turistik ob’ekt bo‘lib xizmat qiladi. Binobarin, qadim shahar mehmonlari, sayyohlar uchun berk bo‘lgan mazkur go‘sha naq 103 yildan so‘ng nihoyat barchaga o‘z bag‘rini ochadigan bo‘ldi. Ahamiyatli jihati, YUNESKO tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, Fransiyadagi mashhur Luvr muzeyi olimlari hamkorligida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha doirasida qadimiy g‘isht bo‘laklari va toshlardan yo‘laklar, ayvonli shiypon barpo etildi. Sayyohlar uchun bir qator qo‘shimcha qulayliklar yaratilmoqda. Restavratsiya va ta’mirlash-tiklash ishlari jarayonida Ark qo‘rg‘oni orqa tomonining chamasi 120 metrli devor qismi pishgan g‘isht bilan qoplangani ham uning tarixiy ahamiyatini yo‘qotmagan.
Tantanada bevosita loyiha ishtirokchisi, respublikada taniqli arxitektorlardan biri sanalgan Yelizaveta Nekrasova, Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hamidov, mazkur universitet professori, tarix fanlari doktori Halim To‘rayev, madaniy meros sohasi mutaxassisi Tuyg‘un Boboyevlar “Arxeologik park” ning ochilishi bilan barchani qutladi.
Shundan so‘ng madaniyat va san’at vakillari, viloyat musiqali drama teatri aktyorlari jamoasi tomonidan tayyorlangan Ark qal’asida tarixiy voqelikka oid teatrlashgan sahna ko‘rinishlari, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi viloyat bo‘limlari san’atkorlarining chiqishlari yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Alvon lenta qirqilgach, tantanada hozir bo‘lganlar “Arxeologik park” hududi bo‘ylab sayr qilishdi. Hududda qisman saqlanib qolingan Abdulg‘oziy maqbarasi, Xonaqoh va hammom, hududdan topilgan osori atiqalar muzeyi va boshqa inshootlar bu qadimiy parkka keladiganlarda katta taassurot qoldirishi tayin.
[gallery-13709]
Ma’lumot uchun: qadimdan savdo, san’at va ilm-fan beshiklaridan biri bo‘lgan ko‘hna va boqiy Buxoroning eski shahar ko‘chalari bo‘ylab yurarkansiz, o‘rta asrlarning sirli ruhini his qilish mumkin. Uning savdo gumbazlari, Labi hovuz va Poyi kalon kabi ulug‘vor me’moriy ansambllari, qadim Ark qal’asi kabi muazzam madaniy meros inshootlari, shuningdek, mahalliy xalqning milliy o‘zligi, tarixi, rang-barang madaniyati, gastronomik salohiyati, an’analari sayyohlarni maftun etib kelmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA