Buxoroda “Adliya sayli” o‘tkazildi
Buxoroda aholining huquqiy ongini, huquqiy madaniyatini yuksaltirishga hamda qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan "Adliya sayli" shiori ostidagi huquqiy madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Sayl viloyat adliya boshqarmasi tomonidan “Fuqarolar davlat organlariga emas, davlat organlari fuqarolarga xizmat qilishi kerak” shiori ostida tashkil etildi. Unda viloyat darajasidagi barcha davlat organlari va tashkilotlari mutaxassislari tomonidan fuqarolarning muammolarini eshitish va ularni hal etish bo‘yicha tegishli huquqiy-amaliy yordam ko‘rsatildi. Sayyor davlat xizmatlari, notarial harakatlar va FHDYO harakatlarini amalga oshirishga, oilaviy nizolar va ajrimlarni, ishsizlik va jinoyatchilikni oldini olish kabi ko‘plab masalalarga e’tibor qaratildi.
Aholini huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga, ularga qabul qilinayotgan qonunlar va ularga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida oddiy tilda tushuntirishlar berish maqsadida har bir davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan ko‘rgazmali targ‘ibot materiallari bilan jihozlangan «Huquqiy axborot burchaklari» tashkil etildi.
Tadbirda viloyat yuridik texnikumi o‘quvchilaridan iborat “Adolat qanotlari” klubi a’zolari tomonidan “Street law” loyihasi doirasida yoshlar, ayollar, mehnat migrantlari va imkoniyati cheklangan shaxslarga qonunchilikda berilgan imtiyozlar, mehnat sohasidagi munosabatlar, moddiy yordam va ijtimoiy nafaqalar olish tartibi, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun kredit va mikroqarzlar olish tartibi, kommunal sohadagi munosabatlar, aliment, uy-joy olish va yer ajratilishi tartibi, poraxo‘rlik, tovlamachilik, firibgarlik, talon-toroj kabi jinoyatlarning salbiy oqibatlarini namoyon etishga qaratilgan jami 1000 dan ortiq flayer, bukletlar tarqatildi. Adliya vazirligining Telegram messenjeridagi huquqiy ma’lumotlarni tezkor yetkazuvchi “Huquqiy axborot” kanali, “Advice” huquqiy portali hamda “Lex.uz” sayti va boshqa ijtimoiy tarmoqlar to‘g‘risidagi 200 dan ortiq targ‘ibot materiallari yetkazildi.
Yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, huquqqa bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan oila, uy-joy, yer, soliq, bank, tadbirkorlikka oid, mehnat, ijtimoiy ta’minot va ijtimoiy himoya, ta’lim, iste’molchilarning huquqlari va boshqa hayotiy muhim masalalar bo‘yicha tayyorlangan huquqiy qo‘llanmalar tarqatildi.
Tadbirda “Huquqingizni bilasizmi?” viktorina o‘yini o‘tkazildi. Tadbirga jalb qilingan barcha huquqni muhofaza qiluvchi, soliq, bank va boshqa idoralar xodimlari o‘z faoliyatini targ‘ib qilishga hamda aholini huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan ko‘rgazmali materiallari bilan ishtirok etdi. Amaldagi qonun hujjatlari va ularda belgilangan imtiyozlar, shuningdek, majburiyatlar yuzasidan tushuntirishlar berildi. Mutasaddi tashkilotlar tomonidan sayyor qabullar tashkil etildi. Aholining bir qator masalalari joyida hal etildi.
[gallery-1826]
– Adliya xodimlari va “Madad” NNT hududiy byuro xodimlari tomonidan mehnat, uy-joy, moddiy yordam, tadbirkorlik masalalari bo‘yicha ochiq muloqot o‘tkazildi, – deydi viloyat Adliya boshqarmasi huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Bekzod Nishonov. – Tegishli huquqiy maslahatlar berildi. Shahar hududida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar tomonidan 31 nafar fuqaroga huquqiy maslahat berildi. 15 ta sayyor notarial harakatlar qayd etildi. Davlat xizmatlari markazlari tomonidan 11 ta sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, FHDYO bo‘limi xodimlari tomonidan nikohni qayd etish, tug‘ilganlik holatini qayd etish bo‘yicha 22 nafar fuqaroga huquqiy maslahatlar berildi.
– Yuridik va jismoniy shaxslarga soliq qonunchiligiga oid normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati haqida tushuntirishlar berildi, – deydi viloyat Davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘’basi boshlig‘i Bahodir Fayziyev. – Davlat soliq xizmati organlari soliq to‘lovchilarning biznes hamkori va maslahatchisi sifatida xizmat ko‘rsatayotganidan kelib chiqib, ochiq muloqotlar jarayonida 10 ga yaqin tadbirkorlik sub’ektlari vakillariga faoliyatlari davomida duch kelayotgan ayrim muammoli masalalarning yechimi yuzasidan mutaxassislar tomonidan atroflicha huquqiy maslahatlar berildi. Sohaga oid 200 dan ortiq buklet va flayerlar, shuningdek, 500 ga yaqin qo‘llanmalar tarqatildi.
– Saylda sud-huquq masalalariga doir maslahatlar berildi, – deydi viloyat sudining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi bosh konsultanti Nurbek Rahimov. – Asosan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, inson manfaatlari va qonuniy haq-huquqlarini tiklash, sud ishlari bilan bog‘liq murojaatlar atroflicha o‘rganildi. Shuningdek, uy-joy ta’minoti, sog‘liqni saqlash, joylarda tibbiy xizmat sifatini yaxshilash, tadbirkorlik faoliyati uchun bank imtiyozli kredit mablag‘i va yer maydonini ajratish, qolaversa, ichki yo‘llarni ta’mirlash, gaz va elektr ta’minoti, kommunal xizmat, mehnat va bandlik yo‘nalishlariga oid murojaatlar o‘rganildi.
Aholini ish bilan ta’minlash va imkoniyati cheklangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida viloyat bandlik bosh boshqarmasi va Nogironlar jamiyati viloyat bo‘limi tomonidan “Bo‘sh ish o‘rinlari” yarmarkasi va “Biz birgamiz” ijtimoiy loyihasi doirasida imkoniyati cheklangan shaxslar tomonidan yaratilgan hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Yarmarkada jami 28 nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi. 50 dan ziyod fuqarolarga soha mutaxassislari tomonidan mehnat qonunchiligi bo‘yicha tushunchalar berildi.
Bundan tashqari 30 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlar, xususan, milliy madaniy markazlar, sport federatsiyalari hamda boshqa sohadagi tashkilotlari vakillari tomonidan ham o‘zlarini faoliyatini targ‘ib qiluvchi ko‘rgazmali chiqishlar amalga oshirildi.
Jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida kurash, o‘zbek jang san’ati, taekvondo, penchak-silat, stol tennisi kabi sport turlari bo‘yicha musobaqa va ko‘rgazmali chiqishlar tashkil etildi.
Tadbirda viloyat yuridik texnikumi tomonidan yosh avlodni ma’naviy barkamol inson etib tarbiyalash, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni tashkil etish, ularning san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishini oshirish maqsadida “Besh tashabbus – besh imkoniyat!” shiori ostida huquqiy axborot burchagi tashkil etildi. Yoshlarni sportga, san’atga, til o‘rganishga va kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini uyg‘otish va texnikum faoliyatiga oid targ‘ibot ishlari olib borildi.
Shuningdek, tadbir davomida yuridik texnikumi tomonidan iqtidorli talabalar o‘rtasida huquqiy savol-javoblarga asoslangan “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi. G‘oliblar va ishtirokchilar Adliya boshqarmasining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbirda san’at ustalari, estrada xonandalarining ohanrabo kuy-qo‘shiqlari yangradi. Viloyat musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning salbiy oqibatlarini namoyon etuvchi sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA