Buxoro xitoyliklarga manzur bo‘ldi
Xitoylik turoperator, ommaviy axborot vositalari, bloger va bir qator turizm biznesi vakillari uchun Buxoro bo‘ylab info-tur tashkil etildi.
Tadbir doirasida Buxoroning tarixiy qismidagi diqqatga sazovor joylari bo‘ylab sayohatlar amalga oshirildi. Bu qadim va navqiron Buxoroning dunyo hamjamiyatida tutgan o‘rni va yuksak turizm sanoatini keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.


Tadbirda “Loong Air” aviakompaniyasi rahbari bilan uchrashuv tashkil etildi. Buxoroning turizm salohiyati va imkoniyatlari xususida fikr almashildi. Shuningdek, kelgusida davlatlararo sayyohlik almashinuvini yanada rivojlantirish, Buxoroning turizm salohiyatini Xitoy Xalq Respublikasida keng targ‘ib etish orqali xitoylik sayyohlarni Buxoroga jalb qilish maqsadida Xitoydan – Buxoroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri charter reyslarni amalga oshirish yuzasidan muzokaralar olib borildi.


Ma’lumot uchun, “Loong Air” aviakompaniyasida 74 ta bort mavjud. Xitoyning 25 ta shahriga hamda Bangladesh, Kombodja, Gonkong, Indoneziya, Malayziya, Yaponiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Filippin, Janubiy Koreya, Tayland, Vetnam va O‘zbekistonga parvozlarni amalga oshiradi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri