Buxoro xalqaro aeroportida “Tax Free” xizmati yo‘lga qo‘yildi
Joriy yilning 1-aprelidan boshlab yurtimizning barcha xalqaro aeroportlarida chet el fuqarolari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish — “Tax Free” tizimi rasman joriy etildi. Ushbu yangilik turizm salohiyatini yanada oshirish, xorijiy mehmonlar uchun qulaylik yaratish hamda savdo sohasida shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.
Shu munosabat bilan Buxoro xalqaro aeroportida ham “Tax Free” xizmatini ko‘rsatuvchi maxsus shoxobchaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat soliq boshqarmasi rahbariyati hamda “Soliq servis” unitar korxonasi mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Yangi xizmat orqali xorijiy fuqarolar mamlakatimizda xarid qilgan tovarlari uchun to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Ma’lum qilinishicha, “Tax Free” summasini hisoblash va uni chet el fuqarosining bank plastik kartasiga yoki hisobvarag‘iga o‘tkazib berish ishlari tizim operatori — “Soliq servis” DUK tomonidan amalga oshiriladi. Mablag‘lar tovarlar respublika hududidan olib chiqib ketilgan kundan so‘ng uch ish kunidan oshmagan muddatda qaytarib beriladi.

Qayd etish joizki, mazkur tizim ilk bor 2023-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent va Samarqand xalqaro aeroportlarida tajriba tariqasida joriy etilgan edi. Olingan ijobiy natijalar asosida bugungi kunda u respublika miqyosida kengaytirilmoqda.

Ushbu tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad 2026–2027-yillarda chet el fuqarolari tomonidan amalga oshiriladigan xaridlar hajmini bir necha baravarga oshirish, chakana savdo sohasida hisob-kitoblar shaffofligini ta’minlash hamda yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishdan iborat.

Xulosa qilib aytganda, “Tax Free” tizimining joriy etilishi nafaqat xorijiy sayyohlar uchun qulaylik yaratadi, balki mamlakatimiz iqtisodiyotiga qo‘shimcha turtki berib, savdo va xizmatlar sohasining rivojiga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri