Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Buxoro shahrining B.Naqshband ko‘chasida harakatlanib ketayotgan, oldindan kuzatuvda bo‘lgan shaxs viloyat bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi vakillari hamda DXX xodimlarining o‘zaro hamkorligida tekshiruvdan o‘tkazildi. Tekshiruv natijasida fuqaroning yon cho‘ntagida 35 dona maxsus qadoqdagi sintetik giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.
Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
* * *
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi muruvvat uyida ikki nafar fuqaro tomonidan 17 tup daraxtlar kesilgani aniqlangan. Holat yuzasidan ikki nafar fuqaroga nisbatan MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 42 million 780 ming so‘m jarima qo‘llanilgan.

* * *
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro shahar bo‘limi va viloyat IIB xodimlari hamkorligida tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Kadastrlar palatasi Qorovulbozor tumani filiali yetakchi muhandisi M.S. fuqaro A.X.ning ishonchiga kiradi va “Bo‘zachi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tadbirkor J.S.ga tegishli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash ob’ekti binosini Buxoro viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tkazish va foydalanish uchun ruxsatnoma olib berish evaziga fuqaro A.X.dan 3 000 AQSH dollarini olganligi aniqlandi.

Hozirda, holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
* * *
Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish institutining tajriba dala maydoni 20,4 gektarni tashkil etadi. Hozirda maydonning 5,5 gektarida g‘o‘za parvarishlanmoqda. Shundan tajriba sifatida bir gektaridagi g‘o‘za suyuq biogidrogumus aralashmasi bilan sug‘orilmoqda. 3,5 gektardagi g‘o‘zalar esa tomchilatib sug‘orish tizimiga ulangan. O‘n gektar maydonga kuzgi bug‘doy ekish va qolgan qismida bog‘ yaratish rejalashtirilgan.
Institutda olimlar tomonidan “Turli darajada sho‘rlangan tuproq tarkibidagi tuzlarni yuvish texnika va texnologiyasini yaratish” mavzusidagi loyiha doirasida izlanishlar olib borilmoqda.
Izlanishlarga ko‘ra, g‘o‘zani suyuq biogidrogumus aralashtirib sug‘orish usuli orqali sho‘rlangan tuproq tarkibidagi tuzlar miqdorining besh barobar kamayishiga erishiladi. Bu paxta hosildorligini 60 – 70 foiz oshirish, daryo suvlarini esa bir mavsum davomida 70 foizgacha tejash imkonini beradi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.