Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Xitoy hukumatining eng yirik ko‘p tarmoqli xolding kompaniyasi “China Everbright Group” vakillarini qabul qildi.
Uchrashuvda viloyat rahbari Buxoroda chiqindilarni qayta ishlash tizimini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar haqida ma’lumot berdi. Jumladan, chiqindi morfologiyasi, hajmi, yonish darajasi hamda sohada investorlarga yaratilayotgan qulay sharoit va kafolatli imtiyozlar haqida to‘xtalib, bu boradagi investitsion tashabbus, loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

O‘z navbatida, “China Everbright Group” vakillari bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga ijobiy baho berib, kompaniya muammolarni hal etishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanligini qayd etdi.

Tashrif davomida kompaniya vakillari hududning investitsion salohiyati, chiqindilarni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha imkoniyatlarini o‘rganishi rejalashtirilgan.
***
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i B. Muratovning tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini o‘rganishga qaratilgan navbatdagi sayyor uchrashuvi Romitan tumanida bo‘lib o‘tdi.

“WBM ROMITEX” MCHJda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda korxonaning eksport salmog‘ini oshirish va “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi afzalliklaridan unumli foydalanish orqali eksport geografiyasini kengaytirish, tovarlar aylanmasini oshirish imkoniyatlari haqida tushuntirib berildi.

Uchrashuvda korxona istiqbollari va bojxona organlari tomonidan amaliyotga joriy etilayotgan yangiliklar xususida fikr almashilib, tadbirkorning bojxona sohasiga oid muammolariga ijobiy yechim topish bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek, boshqarmasi boshlig‘i B.Muratov “OFS” MCHJda ham bo‘ldi. Korxona har xil turdagi ofis kiyimlari tikishga ixtisoslashgan bo‘lib, asosiy xom-ashyo hisoblangan matolarni xorij davlatlaridan import tariqasida olib keladi.

Jarayonda korxona tashkilotchilari aynan “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi tomonidan taqdim etilgan imtiyozlar ularga ancha qo‘l kelganligi ta’kidladi.
Sayyor o‘rganishlarda “Bojxonachi – xalqqa va tadbirkorga yordamchi” tamoyili asosidagi islohotlar haqida tadbirkorlarga batafsil tushuntirishlar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.