Buxoro maktablarida xorijiy mutaxassislar faoliyati kengaymoqda
Buxoro viloyati umumta’lim maktablarida xorijlik mutaxassislarni ta’lim jarayoniga jalb etish ko‘lami kengaymoqda. Bu orqali ilg‘or xorijiy tajribani o‘quv jarayoniga tatbiq etish, zamonaviy pedagogik metodlarni ommalashtirish hamda o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga e’tibor qaratilayapti.
2024/2025 o‘quv yilida viloyat umumta’lim maktablariga 11 nafar xorijlik mutaxassis jalb etilgan bo‘lsa, 2025/2026 o‘quv yilida ularning soni 85 nafarni tashkil etdi. Joriy o‘quv yilida esa 143 nafar xorijlik mutaxassisni ta’lim jarayoniga jalb etish rejalashtirilgan.
Buxoro davlat pedagogika institutida xorijlik o‘qituvchilar va umumta’lim maktablari direktorlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda xorijiy tajribani ta’lim jarayoniga tatbiq etish, pedagoglar o‘rtasida tajriba almashish va o‘qitish samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Hamza Elliyev xorijlik mutaxassislarni ta’lim jarayoniga jalb etish o‘quvchilarning xorijiy tillarni o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish, zamonaviy ta’lim metodikalarini o‘zlashtirish va xalqaro tajribani maktab amaliyotiga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Tadbir doirasida umumta’lim maktablariga jalb etilgan xorijlik o‘qituvchilar ishtirokida «Kelajak uchun xorijiy til» loyihasi taqdimoti ham o‘tkazildi.
[gallery-31840]
Loyihadan ko‘zlangan maqsad xorijiy tillarni o‘qitish samaradorligini oshirish, o‘quvchilarning ingliz tili bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ayniqsa, bitiruvchi sinf o‘quvchilarining xorijiy tillar bo‘yicha sertifikat olish ko‘rsatkichlarini yaxshilashdan iborat.
O‘tgan o‘quv yilida tajriba-sinov tariqasida yo‘lga qo‘yilgan loyiha doirasida umumta’lim maktablarining 10–11-sinf o‘quvchilari qamrab olingan edi. Endilikda maxsus ishlab chiqilgan dastur asosida mashg‘ulotlarni tizimli tashkil etish, o‘quvchilarning ingliz tilida erkin muloqot qilish qobiliyatini shakllantirish, amaliy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Muloqot davomida xorijlik ekspertlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, ta’lim jarayonidagi dolzarb masalalar, mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.
Ta’kidlanganidek, xorijlik mutaxassislarni ta’lim jarayoniga jalb etishdan maqsad xalqaro tajribani o‘rganish bilangina cheklanmay, uni mahalliy sharoitga moslashtirgan holda amaliyotga joriy etishdan iborat. Bu esa pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish, o‘quvchilarning ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish va ta’lim sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA