Buloqboshi tumanida chigit ekish ishlari boshlandi
Buloqboshi tumanidagi «Abduxoshim Nurmatov» fermer xo‘jaligi dalalarida tumanda birinchi bo‘lib chigit ekish ishlari boshlandi.
Paxtachilik sohasida Andijonda ulkan tajriba maktabi yaratilgan. Plyonka ostiga chigit ekish, hosilni erta yetishtirish, sifatli hosil olishda buloqboshilik paxtakorlarning o‘ziga xos ilg‘or an’analari bor. Shu bois ham tuman paxtakorlari har yili paxtadan mo‘l hosil yetishtirib keladi.
Ulug‘bek massividagi «Abduxoshim Nurmatov» fermer xo‘jaligi dehqonlari har yili nafaqat tumanda, balki mamlakatimizda birinchilar qatori paxta tayyorlash bo‘yicha shartnoma rejasini bajarib keladi. Joriy yilda xo‘jalikda 37.5 gektar maydonga plyonka ostiga chigit ekildi.
[gallery-1712]
– Paxtaning «Andijon-35» navini ekdik, shundan 30 gektari urug‘lik elita navi, – deydi xo‘jalik rahbari A.Nurmatov.
– Bundan buyon agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish orqali yuqori hosil olishga astoydil harakat qilamiz.
Joriy yilda Buloqboshi tumanidagi 102 ta paxtachilik fermer xo‘jaliklarining 2629 gektar maydonida paxta yetishtiriladi. Ayni kunda tumandagi barcha xo‘jaliklarda chigit ekish ishlari qizg‘in olib borilmoqda.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA