Bugun – Xalqaro veterinariya kuni
Har yili aprel oyining so‘nggi shanbasida dunyo hamjamiyati insoniyat va hayvonot olami uchun beminnat xizmat qilayotgan kasb egalari — veterinariya mutaxassislarini sharaflaydi. 2000-yil Jahon veterinariya assotsiatsiyasi (WVA) tomonidan asos solingan ushbu bayram veterinarlarning hayvonlar salomatligi, atrof-muhit muhofazasi va jamiyat farovonligiga qo‘shayotgan hissasini e’tirof etish maqsadida o‘tkaziladi.
Bu yilgi Xalqaro veterinariya kuni "Veterinarlar: Oziq-ovqat va salomatlik posbonlari" shiori ostida o‘tkazilmoqda. Bu mavzu bejiz tanlanmagan. Veterinariya xizmati fermadan dasturxongacha bo‘lgan zanjirda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning eng muhim bo‘g‘ini hisoblanadi.
Mamlakatimizda ham veterinariya sohasiga davlat darajasida katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan sohani raqamlashtirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu boradagi ishlar respublikamiz hududlarida ham izchil yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, Qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti xalqaro jamg‘armasi ishtirokida “Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasi asosida Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi bilan hamkorlikda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani “Xidirsha” MFY xududiga zamonaviy, eng so‘nggi andozada veterinariya klinikasi qurib bitkazildi va zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlandi.
Chorvachilik fermer xo‘jaliklari hamda axoli xonadonlarida hayvon saqlanayotgan binolarni dezinfeksiya qilish maqsadida qo‘mita tomonidan viloyatga 2 dona maxsus dezinfeksiyalovchi avtomashinalar keltirildi va hozirgi kunda dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda.
Hayvonlarning yuqumli kasalliklarga qarshi emlash jarayonida vaksinaning “sovuqlik zanjiri”ni saqlash maqsadida barcha 82 ta emlash guruhlari termosumkalar bilan to‘liq ta’minlandi. Mutaxassislar tomonidan hayvonlarni sun’iy urug‘lantirish ishlarini amalga oshirish uchun 140 dona Dyuar idishi hamda sun’iy urug‘lantirish jamlamalari bilan ta’minlandi.
Samarqand veterinariya chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining malaka oshirish kursida har yili 50-60 nafar mutaxassis o‘z malakalarini oshirib kelmoqda. Keyingi 2 yilda veterinariya xizmatiga 40 nafardan ortiq yosh umidli kadrlar ishga qabul qilindi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-maydagi “Ixtisoslashtirilgan so‘yish korxonalari faoliyatini tartibga solish hamda iste’mol bozoriga go‘sht va go‘sht mahsulotlarini yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha viloyatdagi 18 ta ixtisoslashtirilgan so‘yish korxonalari veterinariya-sanitariya jihatidan xavfsizligi kafolatlangan so‘yilgan hayvon go‘shtlarining yagona elektron ma’lumotlar bazasi - “Vis-Billur” tizimiga kiritildi.
Viloyatdagi 20 ta veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyalari mutaxassislari “Vis-Billur” tizimida ishlash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi uchun qayta o‘qitildi hamda ushbu laboratoriyalar kompyuter, termo printer jamlamasi va QR-kodli moslama bilan ta’minlandi.
Viloyat hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-oqat mahsulotlari davlat markazi sinov laboratoriyasi oziq-ovqat mahsulotlari yo‘nalishi bo‘yicha davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazildi.
Laboratoriya tekshiruvlari tezkorligini hamda samaradorligi oshirish maqsadida Qo‘mita tomonidan maxsus jihozlangan tezkor mobil laboratoriya (mikroavtobus) bilin ta’minlandi.
Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-oqat mahsulotlari davlat markazlarida oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash ishlarini samaradorligini oshirish maqsadida 17 turdagi 648 million so‘mlik zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. 2025-yil mobaynida chorvachilik tarmoqlarida umumiy qiymati 701 milliard so‘mlik bo‘lgan 94 ta loyihalar amalga oshirilib, 1059 ta ish o‘rinlari tashkil etildi.
Naslchilik ishlarini rivojlantirish maqsadida 197,4 ming bosh sigir va tanalar sun’iy urug‘lantirildi. Naslchilik xo‘jaliklari tomonidan aholi va fermer xo‘jaliklariga 2 ming 493 bosh naslli qoramollar va 238 bosh qo‘ylar tayyorlab, yetkazib berildi. 50 ta tovar xo‘jaliklari naslchilik xo‘jaligi toifasiga o‘tkazilib, ular soni 175 taga yetkazildi.
Dilmurod Qayumov,
Andijon viloyati Veterinariya va chorvachilikni
rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA