Bugun Toshkentda narkotik moddalar yoqib yuboriladi
BMT Bosh Assambleyasining 1987-yil 7-dekabrdagi rezolyutsiyasiga binoan har yili 26-iyun – Xalqaro narkotik moddalarni suiisteʼmol qilish va ularning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi.
BMT Bosh Assambleyasining 1987-yil 7-dekabrdagi rezolyutsiyasiga binoan har yili 26-iyun – Xalqaro narkotik moddalarni suiisteʼmol qilish va ularning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi.
Giyohvandlik insoniyatni tanazzul botqogʻi sari boshlayotgan eng xavfli vositalardan biri hisoblanadi. Chunki eng vahshiy qotillik va xunrezliklar koʻp hollarda giyohvand moddalar taʼsiriga tushib, oʻzligini tamoman yoʻqotgan odamlar tomonidan sodir etilayotir. Koʻplab oilalarning parokanda, bolalarning tirik yetim boʻlishiga, goʻdaklarning nosogʻlom, mayib-majruh tugʻilishiga, ota-onalarning farzandidan erta judo boʻlishiga mana shu zahri qotil sababchi.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, dunyoda 500 milliondan ortiq odam giyohvandlik dardiga yoʻliqqan. Ularning aksariyat qismini 30 yoshgacha boʻlganlar tashkil etmoqda. Zahri qotil sabab har yili 200 mingdan ortiq kishi vafot etmoqda. Sodir etilayotgan jinoyatlarning 57 foizi giyohvandlar hissasiga toʻgʻri keladi.
Dunyo bozorida tarqaladigan qora dorining asosiy qismi Afgʻonistonda yetishtirilib, uni noqonuniy yoʻl bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari orqali Gʻarbga yetkazishga boʻlgan urinish yildan-yilga kuchayib bormoqda. Shuning uchun yurtimizda narkotik moddalarni isteʼmol qilish, noqonuniy aylanishiga qarshi kurash masalasiga davlat va millatning ertasini hal etuvchi omillardan biri sifatida qaraladi.
Toshkentda har yili Xalqaro narkotik moddalarni suiisteʼmol qilish va ularning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash kuni munosabati bilan narkobiznesga qarshi kurash davomida musodara qilingan narkotik moddalarning navbatdagi turkumini yoʻq qilish – yoqib yuborish tadbiri oʻtkaziladi.
Bugun ham shu anʼana davom etadi. Bu yil qancha zahri qotil yoqib yuboriladi? Giyohvand moddalar aylanmasi bilan bogʻliq nechta jinoyat aniqlandi? Bu haqda yana maʼlum qilamiz.