Bugun O‘zbekiston akademik doiralarida ayollarning o‘rni qanday?
----
“Qizlar bilim olishga hammadan ko‘proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar»,
Abdulla Avloniy
Chuqur bilim, ma’naviy barkamollik bo‘lgan joyda taraqqiyot bo‘ladi. Shunday ekan, milliy o‘zlikni anglash va ma’naviy poklanishdan iborat uzviy, tabiiy jarayon avvalo ona – ayoldan boshlanadi. Ayol ma’naviyati butun millat ma’naviyatining tub ildizidir.
Ma’lumki, avval hammamizning ongimizga singib ketgan bir stereotip bor edi – «Ilm-fan ayolning ishi emas». Lekin tarix haqiqatlariga murojaat qilsak, ayollarning fan, madaniyat, ma’naviyat, tibbiyot olamida o‘zlarining alohida yondashuvlariga ega ekanligini ko‘ramiz. Bibixonim, To‘maris, Bopay Xonim, Qurbonjon Dodhoh, Nodirabegim, Nazipa Quljanova, Sayra Kiizbayeva, Sofya Hakimova, Baljan Bultrikova, Xadicha Sulaymonova, Dilbar Abdurahmonova, Asal Sartbayevalar Markaziy Osiyoda O‘z iqtidori, aqliy salohiyati ila nom qozonib, tarix sahifalarida qolganlar. Ilm-fan taraqqiyotiga erkaklar bilan bir safda o‘z hissalarini qo‘shgan ayollar soni oz emas.
Afsuski, patriarxal mafkura bois ayol olimlar unchalik taniqli bo‘lmagan. bugungi kunda xotin-qizlarning ko‘pchilik qismini ilm-fanning eng murakkab yo‘nalishlarida ham ko‘rishimiz mumkin. Albatta bu quvonarli.
Jamiyat hayotining turli jabhalarida gender tenglikni ta’minlash O‘zbekiston ichki siyosiy konsepsiyasining ustuvor yo‘nalishlari qatoriga kiradi. Bugun O‘zbekiston akademik doiralarida ayollarning o‘rni qanday?
Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Xalqaro kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan tantana chinakamiga ayollar uchun yuksak insoniy ehtirom va e’zoz, mehr-muruvvat go‘zallik bayrami bo‘ldi deb ayta olamiz.
«Ilm-fan bilan shug‘ullanish, ilmiy yangilik yaratish, bu – igna bilan quduq qazish bilan barobar. Men o‘zim shu sohadan chiqqanim uchun bu ishning naqadar qiyin va murakkab ekanini yaxshi bilaman. Shuning uchun ham oila tashvishlari va farzand tarbiyasini ilmiy tadqiqot bilan birga olib borayotgan, bu borada amaliy yutuq va natijalarga erishayotgan olima ayollarni shaxsan men chinakam matonat va jasorat sohibalari deb bilaman va yuksak qadrlayman», deya ta’kidlagan edi Prezidentimiz.
Davlat rahbari Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzurida «Olima ayollar jamiyati» tuzilishini, magistraturada o‘qiyotgan barcha qizlarning kontrakt pullarini to‘liq byudjetdan qoplab berish uchun har yili 200 milliard so‘m mablag‘ ajratilishini, doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratilishini bildirgani chinakamiga bayram sovg‘asi bo‘ldi.
«Iloji boricha, ayollarimizning dardini, tashvishlarini sevinch yoshiga, g‘alaba yoshiga, muvaffaqiyat yoshiga, natija yoshiga aylantirishga hammamiz birgalikda harakat qilamiz. Bitta qiz farzandni o‘qitsangiz — butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz, deb ota-bobolarimiz bejiz aytishmagan», degan edi yurtboshimiz.
Abdibek Sheroziy ayollarni ilm olishi haqida shunday degan edi: “Yaxshi tahsil ko‘rgan va ilm nuri bilan xulqini yaxshilagan ayol har yerda izzat topadi. Ilm — ayol uchun ziynat. Aqlini nodonlikdan qutqargan har bir ayol nomus, izzat, ayollik qadrini tushunib yetadi. Bunday ayol hech bir ishda adashmaydi».
Darhaqiqat, zamonaviy texnologiyalar asrida intellekti jihatidan yuqori ko‘rsatkichlarga erishayotgan farzandlarni ko‘rib quvonamiz, faxrlanamiz. Sababi, bir farzandning yutuqlari ortida bir onaning qanchalik mehnatlari jo bo‘lganligini bilamizmi? Ilmu mansab, ijodda yuqori marralarni zabt etayotgan erkak ortida uning ahli ayolining hissasi yo‘q deb o‘ylaysizmi? Ha ayol qalbi, yuragida buyuk fidoyilik mujassam.
Ilm olmoqning ming bir mashaqqatini rohat kabi qabul qilib, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lmoq uchun ilm istagan ayollar salmog‘i ko‘pligi. Axir Buxoriy, Ibn Sino, Amir Temurlarni tarbiyalagan ham Ayol emasmi?
Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov "Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni" munosabati bilan yurtimizdagi barcha olimalarni, tadqiqotchi ayol-qizlarni tabriklab aytgan tilaklari ham katta kuch, ijodiy faolligimizni belgilab berdi. «Vatanimizda yetishib chiqqan buyuk olimalar – Xadicha Sulaymonova, Zarifa Saidnosirova, Galina Pugachenkova, Suyima G‘aniyeva, Ra’no Ubaydullayeva, Sayyora Rashidova, Fozila Sulaymonova, Mazluma Asqarova, Sabohat Azimjonova kabi ustozlarimiz hamisha sizga o‘rnak bo‘lsin. Ular yetgan marralarni egallashingizni, dunyo ilm-fanida yorqin yulduz bo‘lishingizni tilab qolamiz» dedi tabrik so‘zlarida.
Bir ayolning olimalikka qadam qo‘yishida aynan ilmiy sohada olib borilayotgan islohotlar, yaratilgan sharoitlarning roli beqiyos ekan.
AMMO...
Ammo bu o‘rinda ayrim ko‘ngilni xira etuvchi holatlar ham yo‘q emas. Ilm-fan sohasida ayollarga nisbatan kamsitilish holatlari kam bo‘lsa-da, uchrab turadigan holat. Ayolning fanga qo‘shgan hissasini baholash, ilmiy karerasining turli jarayonlarida kimlardir tomonidan sun’iy to‘siqlar yaratilishi, bu – faqatgina o‘sha tadqiqotchiga emas, balki ilmiy hamjamiyatga ham zarar yetkazish bilan barobar. Chunki o‘sha olimalikka da’vogar ayolning ilmiy kashfiyoti yoki ommaga taqdim etmoqchi bo‘lgan ilmiy izlanishlari jamiyat uchun, millat uchun foydali bo‘lishi mumkin.
Bunday to‘siqlar faqat ko‘ngilni xira qilishi, kichik asabbuzarliklarga hatto ilm-fandan sovushiga sabab bo‘ladi. Olima ayollar ilmiy izlanishdan to‘xtamasligi, bugungi davr talabi. Olimlikning o‘ziga xos ma’naviy, axloqiy mezonlari bor. Mana shu mezonlarga amal qilmoq darkor.
Xulosa o‘rnida birinchidan, biz davlat rahbarining ayollarga ilm-fan sohasida ko‘rsatayotgan e’tiboriga munosib darajadagi ilmiy izlanishlarimiz, kashfiyotlarimiz bilan javob qaytarmog‘imiz kerak.
Ikkinchidan, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi qoshida tashkil etilgan Olima ayollar jamiyati chinakamiga olima ayollarning o‘z so‘zini ayta oladigan ilmiy minbariga aylansin. Shuni alohida qayd etishim joizki, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi, inson kapitalining rivojlanishiga hissa qo‘shuvchi omillardan biri – olimalarning ilm-fan sohasida ulushi ko‘p bo‘lishi bilan ham belgilanadi.
Statistikaga nazar soladigan bo‘lsak, yurtimiz ilmiy ta’lim muassasalarida 660 ayol fan doktori hamda 7 nafar ayol akademik mehnat qilayotganligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlarida 3 ming nafarga yaqin ayol-qiz tadqiqot olib borayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Demak o‘z-o‘zidan ravshanki, bu natijalarga hali qo‘shiladi. Chunki yuragida ilm-fan orzusi bilan yonib yashayotgan xotin-qizlarimiz soni juda ham ko‘p.
Mahfuza YO‘LDOSHEVA,
Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD)