BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
“Yangi O‘zbekiston” “Iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va hududlarda yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi” nomli sahifa bilan boshlanadi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 21-iyul kuni hudud va tarmoqlarda o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar va yil yakunigacha amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor tafsilotlari haqida xabar, ma’lumotlar berilgan. Xususan, yig‘ilishda hudud va tarmoq rahbarlarining olti oylik rejalari ijrosi tanqidiy tahlil qilingani, ayrim hududlarda yalpi hududiy mahsulot, qurilish, investitsiya, sanoat va eksport ko‘rsatkichlari bo‘yicha zaxiralar to‘liq safarbar etilmagani qayd etilib, oylik, choraklik va yillik rejalarni bajarmagan rahbarlarga nisbatan mas’uliyatni kuchaytirilishi belgilanganligiga alohida urg‘u beriladi. Gazetaning bugungi sonida e’lon qilingan “Investorlar uchun huquqiy kafolat. Toshkent xalqaro moliya markazi nega konstitutsiyaviy asos bilan yaratildi?”, “Suv – strategik boylik. Sohaga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 karra oshib, 2,7 milliard dollarga yetdi” kabi maqolalar chuqur tahliliga asoslangani bilan e’tiborli. Taniqli jurnalist Maqsud Jonixonovning “Muhtasham yangi davr. Vatanparvarlik va elparvarlikning sadoqat sahifalari” maqolasini o‘qirkansiz, xalqimiz bosib o‘tayotgan yo‘l manzaralari ko‘z oldingizdan bir-bir o‘ta boshlaydi. Bugun bilan bor-yo‘g‘i o‘n yil o‘rtasidagi farqni ko‘rasiz, his qilasiz va ko‘nglingiz g‘ururga to‘ladi.
“Xalq so‘zi”da ham davlat rahbari raisligida 21-iyul kuni bo‘lib o‘tgan hudud va tarmoqlarda o‘sish sur’atlarini ta’minlashga oid videoselektor yig‘ilishi tafsilotlari keng yoritilgan. “Davlat xarajatlari markazida – inson manfaatlari”, “Xavfsiz muhit – kriminogen vaziyatni yaxshilashning muhim sharti”, “Pensiya ta’minoti sohasidagi dolzarb masalalar muhokamasi” kabi sahifalar, “Fakt va raqamlar: dastlabki ko‘rsatkichlar chegara emas”, “Avval qishlog‘i endi avvalgidek emas”, “Muzrabotning “qora marvarid”lari” kabi maqolalar o‘quvchi diqqatini tortadi. Jurnalist G‘ayrat Otajonovning “Qayta yashnayotgan Orolbo‘yi” maqolasini o‘qib, yashillanayotgan hududlardagi epkin sizning ham ko‘nglingizni yayratayotganini dil-dildan his qilasiz. Joriy yilning o‘zida dengizning qurigan tubida 116,5 ming gektar yangi yashil qoplamalar tashkil etilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi yillarda Orol dengizining qurigan tubida 2 mln. gektardan ortiq yangi o‘rmonzorlar tashkil qilindi. Bu dunyo miqyosida cho‘l hududlarini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha global ekologik loyihalardan biri sifatida etirof etilayotgani kishini quvontiradi.
“Hyrriyat”ning bugungi sonida bir qator e’tiborni tortadigan maqolalar bor. Taniqli sport jurnalisti Normurod Musomovning “Mundialdan keyingi o‘ylar” ruknida berilgan “Tasodifga ishonib... omad kutilmas!” maqolasidagi keng tahlil futbol va uning atrofidagi haqiqatlarni bir qadar ochib bergandek bo‘ladi. Jahon chempionati tugadimi, tugadi! Xo‘sh, unda ilk bor qatnashgan O‘zbekiston terma jamoasi haqida qanday fikr va mulohazalar bildirish mumkin? Yo‘l qo‘yilgan xatolarning, boy berilgan imkoniyat va yo‘qotishlarning sabablari nimalarga borib taqaladi?.. Jurnalist maqolada ana shu savollarga javob topishga harakat qilgan. Maqoladagi “Erkaklar oriyati qo‘zg‘alganda va ojiz qolgandagina unsiz yig‘laydi...” degan jumlalar kishini o‘yga toldiradi... O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining “Mo‘’jizalar diyori” nomli essesi muqaddas Makka safari tassurotlariga bag‘ishlanadi. Esseni o‘qirkansiz, muallifga qo‘shilib qalbingiz hapriqib turadi. “Makkai mukarrama deganda, eshitgan odamning ko‘ngli yayrab ketadi. Islom olamining markazi – Makka shahri, mana, ko‘z oldimizda namoyon bo‘ldi. Uzoqda Baytulharam yonidagi soat minorasi ko‘zga chalindi. Avtobusimiz yetib kelganda vaqt peshindan oqqan edi. Qo‘limdagi soat mahalliy vaqt – 17.00 ni ko‘rsatardi... Baytulloh ziyoratiga jo‘nadik. Odam shu qadar ko‘pki, igna tashlansa yerga tushmaydi. Hamma oldinga intiladi...” Esseni miqirib o‘qiysiz.
“Oʻzbekiston ovozi”ning bugungi sonida e’lon qilingan XDP deputatlarining yarim yillik faoliyatiga bag‘ishlangan sahifadagi ushbu e’tirof e’tiborni tortadi: “Umuman olganda, yarim yillik natijalar sarhisobi deputatlarimiz o‘z zimmasidagi mas’uliyatni chuqur his qilib, xalqparvar siyosatning faol ishtirokchisi hamda tashabbukori bo‘lishga intilayotganidan dalolat beradi. Ular partiyamizning asosiy g‘oyasi – ijtimoiy adolat, inson qadri va aholining himoyaga muhtoj qatlamlari manfaatlarini ta’minlash yo‘lida izchil harakat qilayotgani ayni haqiqat”. Gazeta sahifalaridagi “Jazirama shunchaki noqulay ob-havo emas”, “Yangi avlod muhandisi shu yerda shakllanadi”, “Olti oyda yurtimizdagi mahallalarning 64 foizida jinoyat yuz bermadi” kabi maqolalarda bugungi kun manzaralari, hayot haqiqatlari aks etgan.
“Milliy tiklanish”da yaxshi, tahliliy maqolalar bor. “Keskanyor”da nima gaplar?”, “Ko‘rinmas o‘g‘ri yoki bir havola ortidagi xavf to‘g‘risida”, “Bolalar uchun 100 million”, “Og‘riqli final” kabi maqolalar o‘quvchi etiboridan chetda qolmaydi. Adliya vazirligi xodimasi, taniqli bloger Shahnoza Soatovaning “Alifboga tuzatishlar ortiqcha xarajatlarsiz amalga oshadi!” nomli maqolasida “Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 7-iyunda bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritish haqidagi qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuborilgani, qanchalik murakkab bo‘lmasin, har qanday rasmiy hujjat, davlat belgilari, darslik va boshqalar toki ular o‘z muddati kelib almashmaguncha o‘z kuchida qolishi va barcha o‘zgartirishlar bosqichma-bosqich amalga oshishi to‘g‘ri yo‘l ekanligi ta’kidlanadi.
“Mahalla” bugungi mahalalarimiz, jamiyatimiz hayotini o‘zida aks ettiradigan ko‘zgu. Albatta, o‘qing. “Mahallani rivojlantirishda “Dolzarb 40 kunlik” e’lon qilindi”, “Oila qurish ilmini bolalikdan boshlash kerak”, “Rivojlanishning yangi faoliyat tamoyili qanday bo‘ladi?”, “Faqat rais emas, “yettilik” a’zosi ham lavozimga saylansa...”, “Faol hayotga qadam” muhtojlar hayotida mujassam...mi?”, “Yashash manzili bo‘lmasa, qanday ro‘yxatga olinadi?” kabi maqolalarda berilgan maslahatlar, muhim axborot va ma’lumotlar kundalik hayotingiz uchun juda zarurligini his qilasiz.
“Yoshlar ovozi” – yoshlar minbari. Gazeta keyingi kunlar hammaning diqqat markazida bo‘lgan havo haroratining ko‘tarilishi bilan bog‘liq masala – “Chilla” nomli ajoyib foto bilan boshlanadi. Foto – bunday kunlarda salomatlikni asrash, ayniqsa, tush payti quyosh ostida uzoq qolmaslikdan ogohlantiradi. “So‘mda nollarni kamaytirish kerakmi?”, “Arvoh” profillar”, “Raqamli qaroqchilik”, “Adabiyotga investitsiya” kabi maqolalarda yoshlarni qiziqtirgan mavzular, jamiyat hayoti aks etgan...
Bugungi gazetalarni o‘qing...
A.Narzulloyev,
O‘zA