BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
-
“Yangi O‘zbekiston” O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 1 sentyabr kuni Tyanszin shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etgani, ushbu kengash va “Shanxay hamkorlik tashkiloti plyus” formatidagi majlisdagi nutqlari e’lon qilingan. “O‘zbekiston – Xitoy: yangi imkoniyatlar yo‘lidagi salohiyatlar sinergiyasi”, “Mahalla bankiri” – mahalladagi bunyodkor kuch”, “Kuch-g‘ayratimizni yoshlar kamoloti, ilm-ma’rifatiga safarbar etamiz”, “Yuksak miliy ruh mutolaadan qo‘r olgay” kabi maqolalarda dunyoga ochilib borayotgan O‘zbekiston va istiqlol nafasi ufurib turgan o‘zgarishlar haqida so‘z boradi. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti katta o‘qituvchisi Zikrilloxon Qodirovning milliy davlatchiligimiz tarixidan darak beruvchi “Saljuqiylar davlati” nomli maqolasi, ayniqsa, e’tiborli. – Saljuqiylar bugungi O‘zbekiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Eron, Iroq, Turkiya hududlaridagi tarixiy jarayonlarda faol qatnashib, o‘z davlati, siyosiy va harbiy uyushmalarini tashkil qilgan. Bu davlatlar XIII asrda mug‘ullar bosqini tufayli inqirozga uchradi hamda yangi davlat va tuzilmalar tarkibiga singib ketdi. Saljuqiylarning vorislari keyinchalik G‘arbiy Osiyoda o‘z davrida muhim o‘rin egallagan Usmonli turk davlatini tuzishda qatnashdi. Sulola asoschisi Saljuqbey o‘g‘uzlarning qini qabilasidan bo‘lgan. Manbalarda ko‘rsatilishicha, Saljuqbeyning otasi Dukak (Do‘qoq yoki To‘qoq)bey edi. Dukak o‘g‘uzlar orasida “Temir yoy” laqabi bilan tanilgan. Bu nom uning katta mavqega ega ekanini bildiradi. Zero, qadimgi turkiy an’nalarda “kamon” hokimiyat ramzi bo‘lgan, deb yozadi muallif. Maqolani, albatta, o‘qing.
“Xalq so‘zi”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 1 sentyabr kuni Xitoyning Tyanszin shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtiroki to‘g‘risidagi ma’lumotlar “SHHT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tildi” nomli sahifada aks etgan. Gazetada Davlat rahbarining kengash majlisida va “Shanxay hamkorlik tashkiloti plyus” formatidagi majlisdagi nutqlari ham e’lon qilingan. “O‘zbekiston tashabbuslari – mamlakatimiz va mintaqaning yangi rivojlanish yo‘li sari dadil qadam” sahifada muallif, Xalqaro nordik universiteti rektori, professor Sherzod Mustafoqulov shunday yozadi: Prezidentimiz ilgari surgan tashabbuslar O‘zbekiston uchun tashqi savdoni yengillashtiradi, investorlarni jalb etadi, startaplar uchun yangi moliyaviy manbalar ochadi. Energiya bozorida barqaror ta’minotga erishiladi. SHHT davlatlari o‘rtasida yagona iqtisodiy makon shakllanadi, raqamli va “yashil” iqtisodiyotning rivojlanishi tezlashadi. Bu nafaqat iqtisodiy manfaat keltiradi, balki mintaqani ”yashil” energetika, innovatsiya va biznes integratsiyasi markaziga aylantiradi. O‘z navbatida, bu yangi ish o‘rinlari, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish va barqaror iqtisodiy o‘sish uchun mustahkam zamin yaratadi”. “Unutmas mening bog‘im...” sahifasida berilgan she’rlar – Quddus Muhammadiy, Rauf Parfi, To‘ra Sulaymon, Muhammad Yusuf, Anvar Obidjonlarning Vatanni ulug‘lovchi she’rlaridan yuraklar kuch-quvvat oladi.
Bugungi gazetalarni o‘qing.
O‘zA