Bugun AQSH fuqarolari yangi prezidentni saylashadi
Bugun yani 5 noyabr kuni AQSHda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. Jarayonni butun dunyo kuzatmoqda. Xo‘sh, AQSHning yangi rahbari kim bo‘ladi, Respublikachilar nomzodi Donald Trampmi yoki demokrat Kamala Harris? Buni saylov natijalari ko‘rsatadi. Prezidentlik saylovlaridan tashqari, 5 noyabrda mahalliy rahbarlar va Kongressdagi vakillarga ovoz beriladigan kun. Saylov uchastkasiga borgan fuqaro prezidentlikka nomzodga ovoz berish bilan birga mahalliy darajadagi boshqa ko‘plab lavozim nomzodlariga ham ovoz berib keladi. AQSHning aksariyat shtatlari va Kolumbiya okrugida shaxsan uchastkaga borib yoki pochta orqali ovoz berish mumkin. Muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan ham ko‘pchilik foydalanib bo‘ldi. Ba’zi shtatlarda muddatidan oldin ovoz berish sentyabr oyidan boshlangan edi.
Pensilvaniya, Jorjiya, Shimoliy Karolina, Michigan, Arizona, Viskonsin va Nevada shtatlarida demokratlar va respublikachilarni qo‘llab-quvvatlovchilar soni deyarli teng. Shu bois nomzodlar asosiy vaqti va mablag‘ini mana shu oz sonli shtatlarda sarflaydi. AQSH saylovlarida kim g‘olib bo‘lganini saylov kollegiyasi belgilaydi, nomzod to‘plagan umumiy ovozlar soni emas. Shu bois AQSHdagi joriy saylov tizimida ommaviy saylovda yutmasdan ham prezident bo‘lish mumkin. Bunday holat mamlakat tarixida besh marta bo‘lgan. Ovoz berish jarayoni 5 noyabr kuni kechqurun tugaydi. Saylov uchastkasi qachon yopilishini har bir yurisdiksiyaning o‘zi belgilaydi. Shtatlarda saylov byulletenlarini sanab chiqish va pochta orqali yuborilgan byulletenlarni qabul qilish qoidalari har xil bo‘lgani uchun ba’zi shtatlar yakuniy natijalarni saylovdan keyingi 2-3 kungacha ham bilmasligi mumkin. Saylovda g‘olib chiqqan nomzod 20 yanvar kuni inauguratsiya marosimida qasamyod qiladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/o5n6RCb2sBw?si=uNo1c7VkQMyQjJu7" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nozimbek Mardonov, Doniyor Yakubov, O‘zA