Bu korxona bayram arafasida ochilmoqda (+video)
Yangi O‘zbekiston isloxotlaridan biri hududlarda erkin iqtisodiy zonalar yaratilganidir. Farg‘ona viloyatida ham bundan bir necha yil avval Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasiga asos solingan edi. 4 ta hududdagi 924 gektar maydonda bugun 132 ta investitsiya loyihalari joylashtirilgan.
2024 yilning birinchi yarim yilligida foydalanishga topshirilgan barcha 97 ta sanoat korxonalari tomonidan umumiy qiymati 1 trln. 543 mlrd. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Ushbu korxonalar tomonidan 59,8 mln. AQSH dollari miqdorida eksport qilindi.
Shu bilan birga bugungi kunda amalga oshirilayotgan umumiy qiymati 346,8 mln.AQSH dollari bo‘lgan 35 ta yirik loyihalarda tasdiqlangan tarmoq jadvallariga asosan qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihalar ishga tushirilishi natijasida qo‘shimcha 6505 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Ana shunday korxonalarning biri – “Quantity Class” MCHJdir. Uni mahalliy qorako‘z tadbirkorlar qurib bitkazdilar.
Dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi muhim masalalardan biri bo‘lib turgan choqda tadbirkor O‘tkirbek Jalilov bug‘doyni qayta ishlash korxonasiga asos soldi.

–Korxonamizning umumiy qiymati 12 million dollarni tashkil qiladi, – dedi u.–Uskunalarimiz Turkiya davlatidan keltirilgan. Bir kunda 870 tonna bug‘doyni qayta ishlaydi. Mahsulotning 70 foizi ichki bozorga sotiladi, 30 foizi Afg‘onistonga eksport qilinadi.
Korxonaga Turkiyaning GDM kompaniyasining dunyoga mashhur texnologik liniyalari o‘rnatildi. Turk mutaxassislari shu kunlarda montaj ishlarini yakunlab barcha bo‘linmalarda sinov o‘tkazishmoqda.

Mana bu siz ko‘rib turgan “Besh yulduz” brendi ostidagi un mahsulotlari bugun erta yurtimiz savdo do‘konlariga va xorijiy xaridorlarga yuboriladi.
Tadbirkorning rejalari katta. U yaqin kunlarda ishlab chiqarishni yanada kengaytirmoqchi.

–Hozir omuxta yem zavodini qurish rejalashtirilgan. Baliq, tovuq, mol va qo‘ylarga o‘zimizning brend asosida sifatli ozuqa chiqariladi, – deydi O‘tkirbek Jalilov.
Shu tariqa Qo‘qon Erkin iqtisodiy zonasi nafaqat Farg‘ona viloyati, balki mamlakatimizning yirik sanoat markazlaridan biriga aylanmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/uqe8M4ODEFI?si=fkj1X5v-E5E3RF9i" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA