BRM oyligi: sog‘liqni saqlash tizimida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida aholi salomatligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Shu bois, yurtimizda tibbiy xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish, kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish va profilaktika ishlarini kuchaytirishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda.
Parlament quyi palatasining Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “Sog‘lom jamiyat va sifatli tibbiy xizmatlarni rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi anjumanda Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimi mutasaddilari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Sport vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirokida sohadagi ishlar tahlil qilindi.

BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida tashkil etilgan tadbir davomida sog‘liqni saqlash sohasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi qizg‘in muhokama qilindi. Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish borasida bajarilayotgan ishlar, mavjud muammolar va kelgusidagi vazifalarga e’tibor qaratildi.
Anjuman davomida aholi salomatligi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan qator ijtimoiy masalalarga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, nikohlanuvchi yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash, nogironlikni belgilash jarayonlarini takomillashtirish, protez va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash orqali insonning funksional imkoniyatlarini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Muhokamalar jarayonida sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha qator takliflar bildirildi.
M.Komilova, O‘zA