Brest qalʼasidan maktub
Urushning birinchi tongi Brest qalʼasida otdi.
Gʻalabaning 75 yilligi oldidan
Yoʻq, unday boʻlmadi. Brest qalʼasi ostonasida fashistlar qattiq zarbaga uchradi. Bir soat, ikki soat, nari borsa, 1-2 kunda bosib olib oʻtib ketishni oʻylagan xom xayol Gitler urush tarixida misli koʻrilmagan qarshilikka uchradi. Brest qalʼasini oʻttizdan ortiq millat vakillari himoya qilishdi. Ularning aksariyati 18-21 yoshdagi oʻgʻlonlar edi. Yosh edi bari. Turli oʻlkalardan harbiy xizmatga chaqirilgan askarlar kutilmagan hamladan, azon payti esankirab qolishadi. Aksariyati tonggi uyquda boʻlgan jangchilar qoʻliga ilingan narsa –kimdir belkurak, kimdir gʻisht parchasi, kimdir qurolini olib, kiyinib ulgurmay tashqariga jangga otilishadi. Qalʼadagi barcha kazarmalar sarosimaga tushib qolishgandi. Urush boshlanganini anglagan jangchilar qatʼiy himoyaga oʻtishadi.
Urushning birinchi kuni fashistlar 30 daqiqa ichida 500 ta bomba tashlaydi. Shu bilan tugadi, taslim boʻlishadi, deb oʻylashadi. Qarshilik davom etadi. Soʻngra ular oʻsha paytda XX asrning eng dahshatli quroli “Karl”ni ishga solishadi. Har bir snaryadi 2 tonna keladigan bu raketa qurilmasi Brest qalʼasi hududini ostun-ustun qilib tashlaydi. Snaryad kelib tushgan yerda eniga 4-5 metr, boʻyiga 12-15 metr chuqurlikdagi hovuzlar paydo boʻladi. Biroq qarshilik davom etadi. Shundan soʻng quturgan fashistlar 22-iyundan 30-iyunga qadar sakkiz kun ichida Brest qalʼasi ustidan 1150 tonna bomba tashlashadi. Bu ikki yarim eshalon ajal urugʻi edi.
Belarus chegara nuqtalari va aynan Brest qalʼasi himoyasida juda koʻp oʻzbeklar qurbon boʻlgan. Ularning koʻpchiligi “bedarak yoʻqolgan”. Oʻsha paytda nemis-fashistlarining “Karl” raketa qurilmasi snaryadlaridan hosil boʻlgan oʻralarga halok boʻlganlar yoppasiga koʻmib yuborilgan. Tirik qolgan yoxud mahalliy aholi ichida shu voqealarga guvoh kishilarning xotiralariga asoslansak, koʻmilgan askarlarning deyarli barchasining boʻynida maxsus temir medalyon boʻm-boʻsh boʻlgan. Bu medalyonga ism-familiyasi, qismi, yashash joyi va hokazo maʼlumotlar yozib qoʻyilishi shart boʻlgan. Chunki askar halok boʻlsa, yonib ketsa yoki portlash ichida yoʻq boʻlib ketsa shu medalyon orqali bilib olishgan. Biroq Brest qalʼasidagi askarlar harbiy qatʼiyat nuqtayi nazaridan topshiriq berilgan boʻlsa-da, medalyonga oʻz ism-familiyasi, millati, tugʻilgan yeri va hokazolarni yozishmagan. Ochigʻi, irim qilishgan. Yaxshi niyat – yarim davlat degan aqida bilan yashagan oʻzbek esa, tabiiyki, bunday medalyonni taqib yurmagan. Bundan tashqari, urush boshlanib qolishini hech kim bilmagan, ishonmagan. (Kamina ham Afgʻonistonda oʻsha medalyonni koʻksimga osmas edim. Doimo kazarmaga tashlab kelardim. Oʻlimni chaqiradi, deb oʻylardim). Xullas, keyinchalik, urushdan soʻng oʻsha oʻralar ochib koʻrilganda, 70-100 nafarlab jangchilar suyaklari topilsa-da, ulardan 10-12 tagina medalyon borligi aniqlangan, oʻsha medalyonlarning aksariyati boʻm-boʻsh boʻlgan, hech narsa yozilmagan.
Oʻzbek jangchilari, qahramon bobolarimiz haqida ham ayrim xotiralar borki, eshitib koʻzingizga tirqirab yosh keladi. Mana shulardan biri, bu qalʼa himoyachisi qurol-yarogʻ taʼminoti vzvodi starshinasi Aleksandr Ivanovich Durasov (1913-1980-yil)ning xotirasi:
“Yarim kechasi yonimda kimningdir sekin xirillagan ovozini eshitdim, qarasam, harbiy feldsher. U sanitarga gapirayotgan ekan. Ularning suhbati suv haqida edi. Yaradorlar, ogʻir ahvolda isitmasi oshib yotgan, hayotining ogʻir va soʻnggi lahzalarini boshidan kechirayotgan jangchilar uchun suv kerak edi. Suvga borganlar qaytib kelishmasdi, bari dushman oʻqiga uchrayotgandi. Hozirgina suvga joʻnagan ikki askarni yarim yoʻlda otib oʻldirishdi. Sanitar suvga borishga rozi boʻldi. Indamasdan idishlarni olib suvga joʻnadi. Bu baland boʻyli, ozgʻin jangchi oʻzbek edi. Biz uni umid koʻzlarimiz bilan kuzatib qoldik. Oradan 15-20 daqiqa oʻtib, u ikkala idishni ham suvga toʻldirib, qaytib keldi. Suvni hammamizga oz-ozdan tarqatib berdi. Bu dunyodagi eng baxtli va omadli odam edi. Oʻsha tunda 6 marotaba suvga bordi va tirik qoldi…”.
Starshina Durasovning bu yozganlari, bu maʼlumot Brest qalʼasi muzeyi fidoyi izlanuvchilari tomonidan yaqinda topildi. Arxivga olindi. Albatta, shu qisqagina xotira matni zamirida oʻsha paytda, yaʼni toʻrt tomondan jips qurshovda turgan qalʼa ichida suvsizlikdan esankirab, aqldan ozayotgan insonlarni qutqarish, bir kungina boʻlsa ham hayotdan umidlarini uzmaslikka ragʻbat uygʻotish uchun koʻra-bila turib fashist quroliga koʻksini tutib suvga chiqqan qahramon, butun insoniyat havas qilsa arziydigan qahramon mening oʻzbegim, baland boʻy, ozgʻin, qora koʻz, qora qosh oʻzbegim ekanligini eshitib, koʻzlarimdan tirqirab yosh chiqib ketadi. Menga hamrohlik qilgan Belarusdagi elchixonamiz maslahatchisi Doniyor aka Obidovning ham nigohida yosh gʻiltillaydi. Qarasam, Qahramon Brest qalʼasi kompleks muzeyi direktori Grigoriy Grigoryevich Bisyuk, shu xotirani oʻqib bergan muzey ilmiy xodimasi Yelena Vladimirovna Xarichkovaning ham koʻzlari qizargan.
– Afsus, sanitar oʻzbekning ism-familiyasini Durasov yozib qoldirmagan, – deydi Yelena Vladimirovna.
– Eng muhimi, u oʻzbek, Sizning bobongiz, – deydi muzey rahbari Grigoriy Grigoryevich.
Shugina xabar. Shu eʼtirof koʻnglimni togʻ kabi koʻtaradi. Men bu yerga behuda kelmagan ekanman. Koʻpgina bobolarim jasorati haqida hali oshkor etilmagan maʼlumotlarni eshitdim. Eng muhimi, Grigoriy Grigoryevich aytganiday, ular bizning bobolarimiz, sizning, mening, hammamizning bobomiz, oʻzbek bobomiz! Shunday emasmi?! Ularni ism-sharifi, Oʻzbekistonning qayerida tugʻilganidan qatʼiy nazar, mening bobom, oʻzimning oʻzbek bobom, deb bilaman va ishonaman, Siz ham, barcha oʻzbeklar shunday oʻylaysiz, mening oʻrnimda boʻlganingizda, Sizning ham qalbingizda shunday hislar toʻlqin urardi.
Qoʻchqor NORQOBIL,
Belarus. Brest qalʼasi.
13-mart 2020-yil