“Brayl alifbosi yordamida ovoz berdim”
Prezident saylovi Namangan viloyatida ham ko‘tarinki ruhda, yuksak saviyada o‘tkazilmoqda.
Yangi Namangan tumanining "Oromgoh" dahasidagi 60-umumta’lim maktabi binosida joylashgan 119-saylov uchastkasida ovoz berish jarayonlari aholining faol ishtiroki bilan boshlandi. Ertalabdan saylovchilarning faolligi sezilmoqda, ular o‘zlari munosib ko‘rgan nomzodga ovoz bermoqda.
Uchastka saylov komissiyasi raisi Dilfuza Qayumovaning ma’lumot berishicha, saylovda Tinchlik mahallasida istiqomat qiluvchi 2385 nafar saylovchining ishtirok etishi kutilmoqda. Ularning 724 nafari yoshlardir. Bundan tashqari, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarning saylovdagi ishtirokini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, ko‘zi ojiz kishilar uchun Markaziy saylov komissiyasi tomonidan taqdim etilgan brayl alifbosidagi byulletenlar taqdim qilinmoqda.

– Yoshim 67da, – deydi mehnat faxriysi, Ko‘zi ojizlar jamiyati a’zosi Sobitxon Karimov. – Biz kabi imkoniyati cheklangan insonlarni ham Prezident saylovida ishtirok etish va ovoz berishimiz uchun alohida shart-sharoitlar yaratilganidan xursand bo‘ldik. Saylovda oila a’zolarimiz bilan ishtirok etdik. Uchastka a’zolari bergan brayl alifbosi byulletenidan foydalandim. Yurtimiz tinchligi, O‘zbekistonimiz taraqqiyoti yo‘lida bor kuch salohiyatini safarbar etishga qodir, o‘zim ma’qul ko‘rgan nomzodga ovoz berdim.
– Saylovda birinchilardan bo‘lib ovoz berish baxtiga muyassar bo‘lganimdan xursandman, – deydi 71 yoshli mehnat faxriysi Muhammadjon Ahmadjonov. – bugungi siyosiy tadbir xalqimizning ko‘tarinki kayfiyati bilan to‘ydek nishonlanmoqda. Uzoq yillar savdo tashkilotlari va mahalliy boshqaruv idoralarida ishladim. Saylovga majburan chorlovlar, oila a’zolaridan bir kishining barcha byulletenlarni tashlaganlarini ko‘rdik. Yangi O‘zbekistondagi saylovlar esa chin ma’noda, shaffof va ochiq tarzda bo‘lib o‘tayotganligi bilan tubdan farq qiladi. Saylov kuniga qadar nomzodlarning saylovoldi dasturlari bilan obdon tanishib chiqdim, ularning chiqishlarini ommaviy axborot vositalari orqali kuzatdim. Kelgusi besh yilda Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi uchun sadoqat bilan xizmat qilishga qodir, o‘zim munosib topgan nomzodga ovoz berdim.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA