Bozorlarda narx-navoning barqarorligi muhim
Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholini ijtimoiy muhim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va narx-navo barqarorligini saqlash yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari U.Muxamedov raisligida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, “Qoraqalpoq dehqon bozorlari” respublika uyushmasi vakillari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar tomonidan iste’mol bozoridagi narx-navo barqarorligini ta’minlash, oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ajiotaj talabning vujudga kelishining oldini olish borasida ko‘rilayotgan choralar muhokama etilib, takliflar bildirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha jami 40396 tonna mahsulot, jumladan 8826 tonna kartoshka, 5711 tonna piyoz, 11209 tonna sabzi, 14650 tonna guruch zaxirasi shakllantirilgan. Zaxiradagi mahsulotlarni saqlash uchun jami 96 ming tonna mahsulotni saqlash quvvatiga ega 88 ta zamonaviy muzlatkichli omborxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Yig‘ilish yakunida arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarida birinchi qo‘l tamoyili asosida mahsulotlar uzluksizligini ta’minlash, dehqon bozorlariga zaxiradagi mahsulotlarni peshma-pesh yetkazib berish, narxlar barqarorligini ta’minlash kabi muhim masalalar yuzasidan vazifalar belgilab olindi.
Tadbir ishtirokchilari muzlatkichli omborxonalarda zaxiradagi mahsulotlarning saqlanish holati bilan tanishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA