Bozor, savdo-ko‘ngilochar markazlari mulkdorlariga ob’ektlarni yong‘indan sug‘urtalash majburiyati yuklanmoqda
Yong‘inlarning oldini olish, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulki ishonchli himoya qilinishini ta’minlash dolzarb masalalardan biri.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar yong‘in xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qildi.
Ta’kidlanganidek, amaldagi qonunchilikda yong‘in xavfsizligi sohasida kompleks huquqiy, tashkiliy va profilaktik chora-tadbirlar hamda mexanizmlar to‘liq yaratilmagan, ayrim huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilanmagan. Ushbu qonun loyihasi bilan “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Jinoyat-protsessual hamda Jinoyat kodekslariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.

Xususan, binolarning toifasidan kelib chiqib, texnik talablar, jumladan, yonuvchan qurilish materiallarini ishlatishni taqiqlash va yong‘in natijasida yetkazilgan zararni qoplashdan tashqari aybdordan tovon undirish (tort law) institutini joriy etish nazarda tutilyapti.
Shuningdek, loyiha bilan ob’ektlarni yong‘in xavfsizligi talablariga mosligi bo‘yicha auditdan o‘tkazish tartibini yo‘lga qo‘yish belgilanmoqda. Qolaversa, mutasaddilarning yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mas’uliyati va shaxsiy javobgarligi oshirilib, loyiha va qurilish-pudrat tashkilotlari, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlarining yong‘in xavfsizligi bo‘yicha huquq va majburiyatlari aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Bundan tashqari, loyiha bilan fuqarolarning yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlari doirasi ham kengaytirilyapti. Bozorlar, savdo komplekslari hamda savdo-ko‘ngilochar markazlari mulkdorlariga yong‘in yuzaga kelishi natijasida uchinchi shaxslarning hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilgani uchun fuqarolik javobgarligi, shuningdek, ushbu ob’ektlarni yong‘indan sug‘urta qilish bo‘yicha majburiyat yuklanmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi yong‘inlarning oldini olish tizimini takomillashtirish, inson hayoti va sog‘lig‘ini ishonchli himoya qilish, yong‘in xavfsizligi bo‘yicha aholi va tashkilotlar mas’uliyatini yanada kuchaytirish, sohada nodavlat sektori ishtirokini kengaytirish hamda yong‘in oqibatida yetkaziladigan zararlarni kafolatli qoplanishiga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA