Boysunda tadbir juda zo‘r o‘tdi
Surxondaryo viloyatining chekka va tog‘li hududlaridagi mahallalarda «Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash» shiori ostidagi targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda.
Boysun tumani madaniyat markazida tashkil etilgan ana shunday tadbirda Ariq usti va Toqchi mahallalari aholisi ishtirok etdi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda yuz berayotgan yangilanishlar odamlarning munosib turmush kechirishi va hayotidan rozi bo‘lib yashashida muhim omil bo‘lmoqda. Shu maqsadda hududlarda mavjud salohiyatdan oqilona foydalanib, milliy iqtisodiyotimizni mustahkamlashga, ta’lim, tibbiyot va boshqa sohalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Jumladan, Boysun tumanida mavjud tabiiy gaz zaxirasini o‘zlashtirish boshlandi. Hududda tashkil etilgan «Boysunfarm» erkin iqtisodiy zonasi tog‘li go‘shaning shifobaxsh giyohlarini inson salomatligini mustahkamlashga yo‘naltirdi. «Boysunlano» mas’uliyati cheklangan jamiyati quy junidan farmatsevtika va parfyumeriya sanoati uchun noyob xom ashyo lanolin birikmasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Mamlakatimizda yagona bo‘lgan ushbu korxona bir yilda 500 tonna junni qayta ishlab, import o‘rnini bosuvchi sifatli mahsulot ishlab chiqaradi.

Go‘zal tabiat manzaralari, shifobaxsh zilol suvlari, arxeologik yodgorliklari, milliy hunarmandchiligi, nafis folklor san’ati bilan ham dunyo ahlini maftun etayotgan tog‘li tumanda turizmning izchil rivojlanayotgani so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir. Viloyatda yagona Boysun turizm va servis kollejining tog‘li tumanda tashkil etilgani sohaga malakali mutaxassislar tayyorlash uchun qulay muhit yaratdi.

Uchrashuvda shu haqda atroflicha fikr yuritilib, ishtirokchilarga ta’lim, tibbiyot, madaniyat, san’at kabi yo‘nalishlardagi tub o‘zgarishlar xususida ma’lumot berildi. O‘quvchi-yoshlar sport, ta’lim, san’at va boshqa sohalarda erishayotgan yutuqlarini namoyish etdi. Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda qo‘lga kiritilgan yutuqlar aks etgan videoroliklar barchada iliq taassurot o‘yg‘otdi.
–Tadbir juda zo‘r o‘tdi, –deydi Ariq usti mahallasida yashovchi M.Rajabova. –Karantin davrida bunaqa tadbirlarni sog‘inib qolgan ekanmiz. Ko‘plab yangiliklarni eshitib, juda quvondik. Suyunganimizdan o‘ynab, kuldik. Shuningdek, yosh avlod erishayotgan yutuqlar bilan tanishdik. Sevimli san’atkorlarimizning qiziqarli dasturidan o‘zgacha zavq oldik. Menga ayniqsa, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Hosila Rahimova ijrosidagi qo‘shiqlar juda yoqdi.

Tadbirda tumandagi «Shalola» etnografik ansambli san’atkorlari ham qiziqarli konsert dasturi bilan barchani xushnud etdi. Eng faol ishtirokchilarga tuman hokimligining esdalik sovg‘alari topshirildi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri