Boysun xorijlik sayyohlarni maftun etmoqda
Surxondaryo viloyatidagi tog‘lar qo‘ynida joylashgan so‘lim Boysunning ta’rif-u tavsifini eshitgan kishi bu go‘shani bir aylanib, tomosha qilgisi, toza, musaffo havosidan to‘yib nafas olib, boy tabiat manzaralaridan bahramand bo‘lishni istaydi.
Shifobaxsh giyohlari, zilol suvlari ham beixtiyor insonga huzur-halovat bag‘ishlaydi. Uzoq o‘tmishdan so‘zlaydigan arxeologik yodgorliklari dunyo tamadduni haqidagi bilimlarni boyitadi.
Germaniyalik bir guruh sayyohlar tog‘li tuman bilan yaqindan tanishish uchun Boysunda bo‘lib, bu yerning go‘zal tabiatidan o‘zgacha zavq-u shavq oldi. Ona tabiat kuch-qudrati bilan toshlar orasidan ko‘kka bo‘y cho‘zayotgan zarang, qayrag‘och, yovvoyi do‘lana kabi dov-daraxtlarga, endi nish ura boshlagan, ifori osmono‘par tog‘ni ham sarmast qiladigan rang-barang giyohlarga, shifobaxsh, zilol suvlari-yu, qadimiy noyob folklor san’atiga maftun bo‘ldi.
– Boysun qishin-yozin sayyohlarni o‘ziga chorlaydigan maftunkor go‘sha, – deydi tuman hokimligining axborot xizmati rahbari Yunus Xoliyorov. – Shu yil may oyida “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali bo‘lib o‘tadi. Unga dunyoning ko‘plab davlatlaridan muxlislar keladi. Hozir shodiyonaga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Ayni paytda esa go‘zal tabiat va tarixiy yodgorliklar shaydolari tumanimizda mehmon bo‘lib, boy taassurotlar bilan qaytmoqda. Xorijlik sayyohlar noyob va nafis qadimiy san’atimiz bilan yaqindan tanishmoqda.
Germaniyadan kelgan sayyohlar dengiz sathidan 1 ming 500 metr balandlikdagi shifobaxsh Xo‘jamayxona bulog‘i, hududdagi purviqor tog‘ tizmalari va betakror tabiat manzaralarini miriqib tomosha qildi.
[gallery-16372]
– Boysunga qiziqishim yanada oshdi, – deydi germaniyalik sayyoh Mayer Helmut. – Go‘zal tabiat manzaralarining, osmono‘par tog‘ va zilol suvlarining maftuniga aylandim. Folklor san’ati namunalarini tinglab, zavq oldim. Bu haqdagi taassurotlarimni do‘stlarim bilan baham ko‘raman.
Sayyohlarga “Boysun” folklor etnografik xalq ansambli qiziqarli konsert dasturini namoyish etdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri