“Boysun bahori”ga qanday hozirlik ko‘rildi?
Surxondaryo viloyat hokimligi viloyat turizm hamda axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmalari bilan hamkorlikda “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali oldidan matbuot anjumani tashkil etdi.
Unda viloyat hokimi o‘rinbosari, festivalni o‘tkazish viloyat tashkiliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayev, viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Murodbek Davlatov, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Zahiriddin To‘rayev xalqaro festivalning milliy va umumbashariy qadriyatlarni tiklash hamda yosh avlod qalbiga singdirishdagi o‘rni, uni yuksak saviyada o‘tkazish, mahalliy va jahon OAVlarida yoritish yuzasidan ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Ta’kidlandiki, dunyo folklor hamda milliy xalq o‘yinlari va tomosha san’ati ijrochilarini, soha mutaxassislari va muxlislarini Boysun tumanida jamlaydigan xalqaro festivalni 1-7-may kunlari o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shu kungacha xalqaro festivalda qatnashish uchun sayyoramizdagi 40 dan ortiq davlatdan 150 ga yaqin delegatsiya a’zolari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etish istagini bildirdi. Festivalning xalqaro tanlovini yuksak saviyada tashkil etish va ijrochilar mahoratini ochiq-oshkora baholash uchun Buyuk Britaniya, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston vakillaridan iborat nufuzli hakamlar hay’ati shakllantirildi. Joriy yilgi festival ko‘rik-tanlovida 16 ta davlatning folklor jamoalari va yakkaxon ijrochilari o‘z san’atlarini namoyish etadi.

Xalqaro ko‘rik-tanlovda birinchi o‘rin sohibi 3 ming 500, ikkinchi o‘rin 2 ming 500 va uchinchi o‘rinni egallagan jamoa yoki yakkaxon ijrochi 1 ming 500 dollar miqdoridagi sovrinni qo‘lga kiritadi. Milliy xalq o‘yinlari va tomosha san’ati tanlovi o‘nta nominatsiya bo‘yicha tashkil etilib, har bir yo‘nalish g‘olibi 500 dollar pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Xalqaro festival 1-may kuni Termiz davlat universitetida xorijlik va mahalliy olimlar, mashhur san’atkorlar va faxriy mehmonlar ishtirokidagi “Surxon vohasining insoniyat sivilizatsiyasidagi o‘rni: moddiy va nomoddiy madaniyat asoslari” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bilan boshlanadi. Tantanali ochilish marosimi 2-may kuni Boysun tumanidagi muhtasham amfiteatrda bo‘lib o‘tadi. 3-may kuni tanlov g‘oliblarini tantanali taqdirlash, 7-may kuni xalqaro festivalning tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Festival kunlari turli xalq o‘yinlari, kurash, uloq-ko‘pkari, dron shoular, qiziqarli konsert dasturlari namoyish etiladi. Mahalliy va xorijlik turistlar uchun qiziqarli sayohatlar uyushtiriladi. Mahalliy va xorijlik jurnalistlar uchun matbuot anjumani va press-turlar tashkil etiladi.
Tadbirda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri