Botir Zokirov memorial muzeyi fondi yangi tarixiy ashyolar bilan boyitilmoqda
O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirovning boy ijodiy merosini asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish maqsadida uning hayoti va faoliyatiga oid tarixiy materiallar, shaxsiy buyumlar hamda noyob fotosuratlarni yig‘ish ishlari davom etmoqda.
Madaniy meros agentligining ma’lum qilishicha, mazkur ishlar davlatimiz rahbarining 2025-yil 28-iyuldagi “O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov xotirasini abadiylashtirish, uning ijodiy merosini chuqur o‘rganish va jahon miqyosida targ‘ib qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilmoqda.
Qarorga muvofiq, davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan san’atkor ijodiga oid tarixiy materiallar, turli ashyolar va noyob suratlar xarid qilinib, Botir Zokirov memorial muzeyi fondini boyitish ko‘zda tutilgan. Bu esa san’atkorning hayoti va ijodini yanada chuqurroq o‘rganish, uning madaniy merosini saqlash va keng jamoatchilikka taqdim etish imkonini beradi.
Ayni paytda Botir Zokirov faoliyatiga oid qimmatli materiallarga ega bo‘lgan fuqarolar ularni muzey fondiga topshirishlari mumkin. Topshirilayotgan har bir hujjat, fotosurat yoki shaxsiy buyum milliy madaniy merosimizning muhim qismi sifatida baholanadi.
Botir Zokirovning ijodiy merosini saqlashga qaratilgan ushbu tashabbus milliy san’at tarixini boyitish va uning kelajak avlodlar uchun munosib tarzda saqlanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA