Bosh prokuratura: paxta yig‘im-terimida qonun talablariga rioya etilishi ta’minlanadi
Bosh prokuraturada paxta yig‘im-terimi mavsumida qonun talablariga rioya etilishini ta’minlash hamda hisob-kitoblarni yangi “kliring” tizimi asosida amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.
Unda Bosh prokuratura, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Tovar-xomashyo birjasi, “Agrobank”, Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi rahbar va xodimlari, shuningdek, mazkur tashkilotlarning hududiy tuzilmalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda 466 paxta qabul qilish maskanida paxta xom ashyosini nobudgarchilikka yo‘l qo‘ymagan holda, inson omilini minimallashtirish orqali qabul qilishni tashkil etish, shuningdek, “Hosil qabuli” axborot tizimidan foydalanish tartib-taomillari tushuntirildi.

Prezidentimizning 2026-yil 8-maydagi “Paxta va bug‘doy yetishtiruvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida joriy qilingan fyuchers shartnomalariga muvofiq, yetishtiruvchilardan qabul qilingan paxta xom ashyosi uchun to‘lovlarni birjaning “kliring” tizimi orqali amalga oshirish tartibi yuzasidan tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
N.Abduraimova, O‘zA