“Bor mehrimiz senga bolajon!”
Donorlik – sharafli yordam, mislsiz savob, xayrli tadbir. Ba’zida kimdir uchun bir tomchi qon yana bir yangi hayotni anglatadi. Shuningdek, favqulodda vaziyatlarda jarohat olgan insonlar, ayniqsa, jajji bolajonlar ko‘p qon yo‘qotishi natijasida ularning hayoti "qil ustida" bo‘lib qoladi. Bunday bemorlarni malakali mutaxassislar jahon andozalariga mos tajribalar asosida davolash barobarida donorlarning beminnat yordamlariga ham tayanadilar.
Ayniqsa, ushbu xayrli amallar kimningdir sog‘lig‘ini saqlashga, hayotini uzaytirishga ko‘mak beradigan bo‘lsa, o‘sha inson o‘zini yanada baxtli his etadi. Donorlar ana shunday beg‘araz yordam ko‘rsatuvchi ezgu niyatli kishilardir.

Respublika qon quyish markazida o‘tkazilgan donorlik aksiyasi davomida vazirlik va idoralar, tijorat tashkilotlari, barcha darajadagi deputatlar, faollar, partiya faollari, ko‘plab ko‘ngilli yurtdoshlarimiz bemor bolalar hayotini saqlash uchun o‘z hissasini qo‘shib, faol ishtirok etib kelishmoqda.

Shunday ezgu amallardan biri Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida “Adolat” sotsial – demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Markaziy apparati bilan hamkorlikda “Bor mehrimiz senga bolajon!” shiori ostida beg‘araz donorlik aksiyasi o‘tkazildi. Aksiyada akademiyaning harbiy xizmatchilari va kursantlari faol ishtirok etdi.
Tadbir yakunida ko‘ngilli ravishda bemor bolajonlar hayotini saqlab qolish uchun donorlik aksiyasida faol qatnashgan harbiy xizmatchilar va kursantlarga partiyaning tashakkurnomasi va estalik sovg‘alari topshirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA