Boqimandalik kayfiyatini yengish va shaxsiy farovonlikni ta’minlashning oltin qoidalari
30-iyun – Yoshlar kuni
Universitet darvozasidan qo‘lida diplom bilan chiqib kelayotgan yigitning ko‘ngliga quloq tutish lozim. Olis qishloqdagi chevar qizning igna-ipini zamonaviy tikuv mashinasiga almashtirish kerak. Sababi, ularda kuch-g‘ayrat va orzular to‘lib-toshayotgan bo‘ladi.
Ammo oldinda birgina mavhum va sergak tortuvchi savol bor. Ular ertaga qarshisidan chiqadigan katta-kichik masalalarga qay darajada yechim topa oladi?
Shu savol bugun nafaqat yoshlarning, balki butun mamlakatning taqdirini belgilaydigan strategik nuqtadir. O‘zbekiston kabi aholisining qariyb 60 foizini yigit-qizlar tashkil etadigan mamlakatda ularning bandligini ta’minlash, zamonaviy kasblarga yo‘naltirish milliy xavfsizlik va iqtisodiy yuksalish masalasidir.
Ilmda “demografik dividend» degan tushuncha bor. Bu aholining mehnatga layoqatli qismi qaramog‘dagilardan sezilarli darajada ko‘p bo‘lgan oltin davrni anglatadi. Bugun mamlakatimiz ayni shu tarixiy pallada turibdi. Agar bu ulkan insoniy kapital to‘g‘ri yo‘naltirilsa, iqtisodiyot xuddi raketa misoli yuqorilaydi.
Yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlar, IT sohasi va tadbirkorlikka jalb etish hozirgi globallashuv davrida suv kabi zarur. Nega desangiz, an’anaviy ish o‘rinlari kun sayin kamayib, o‘rnini avtomatlashtirilgan tizimlar egallamoqda. Bugungi yosh avlodga kechagi kunning ko‘nikmalarini o‘rgatish ularni ongli ravishda ishsizlikka mahkum qilish bilan barobardir.
Agar bu masalaga loqayd qaralsa, nima bo‘ladi? Xalqaro ekspertlar bunday jamiyatlarda yaqin istiqbolda juda og‘ir va qimmatga tushadigan muammolar zanjiri paydo bo‘lishini aytishadi. Birinchi navbatda, tahsil olmaydigan, ishlamaydigan va malaka oshirmaydigan yoshlar qatlami kengayadi. Bu umidsizlikka tushgan, jinoyatchilikka yoki yot g‘oyalar ta’siriga oson beriluvchi, jamiyatdan uzilgan avlod demakdir. Bundan tashqari, «aqllar oqimi» kuchayadi. Eng iqtidorli yigit-qizlar o‘z baxtini musofirlikdan izlay boshlaydi. Iqtisodiyot esa soliq to‘lovchilardan ayrilib, ijtimoiy nafaqaxo‘rlar yuki ostida qoladi.

Jahon tajribasiga nazar tashlasak, har bir muvaffaqiyatli davlat o‘z vaqtida yoshlar masalasini bosh rejaga olib chiqqanini ko‘ramiz. Masalan, Germaniyaning «dual ta’lim tizimi» butun dunyoda mashhur bo‘lib ketgan. Unda talaba vaqtining 30 foizini nazariyaga, 70 foizini esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri korxonada ishlab, maosh olishga sarflaydi. Janubiy Koreya esa tabiiy resurslari yo‘qligini yoshlarning intellektual salohiyati bilan to‘ldirib, ularni ommaviy ravishda raqamli texnologiyalarga o‘qitdi. Natijada bu mamlakat bugun dunyo bozorini boshqarmoqda. Singapur esa o‘zining maxsus dasturi orqali har bir fuqaroga umr bo‘yi yangi kasblarni bepul o‘rganishi uchun maxsus subsidiyalar ajratadi.
O‘zbekiston ham so‘nggi yillarda ayni shu xalqaro tajribalarni milliy mentalitetga moslab, juda dadil qadamlarni tashladi. Yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yosh juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch sifatida ko‘rilmoqda. Davlatimizning kuchli ijtimoiy siyosatida har bir mahallada “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirilmoqda. Qobiliyatli yigit-qizlar aniqlanib, IT-kasblar va xorijiy tillarni o‘rganishiga ko‘maklashilmoqda. Yoshlar ishlari agentligining “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali qanchadan qancha o‘g‘il-qiz xorijiy tillarga bepul o‘qitilmoqda.
Aholi bandligini ta’minlashda qishloq xo‘jaligi maydonlari qisqartirilib, dehqonchilik uchun odamlarga bo‘lib berilmoqda.
Yillar davomida yaratilgan imkoniyatlar natijasida yoshlarimiz Garvard, Yel, Kolumbiya kabi nufuzli oliygohlarda tahsil olmoqda, startaplarimiz AQSH, Janubiy Koreya, BAA bozorlariga kirib bordi.
Bugun yosh tadbirkorlar yurtimizdagi biznes vakillarining 35 foizini tashkil etmoqda va O‘zbekiston Yoshlar taraqqiyoti global indeksida eng tez sur’atlarda rivojlanayotgan davlat deb e’tirof etildi.
Bu tizimli islohotlarning haqiqiy hayotdagi aksini Navoiy viloyati misolida qisqa tahlil qilamiz.
– Joriy yilning dastlabki besh oyi davomida viloyatda 11 ming 500 ming nafardan ko‘proq yoshlarning bandligi ta’minlandi, – deydi Navoiy viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i Lutfulla Xayrullayev. – Ming nafarga yaqin yoshlar korxonalardagi bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirildi. 400 nafardan ortig‘i kasblar yo‘nalishida o‘qishga jalb qilindi. Yana 13 nafariga ijaraga yer maydonlari ajratildi va 342 nafari imtiyozli kreditlar hisobidan band qilindi. Har payshanba kuni yoshlar bilan bevosita uchrashib, ularning muammolarini yechish choralari ko‘rilmoqda.
Bugun navoiylik yoshlar nafaqat ish izlayapti, balki yirik muammolarga innovatsion yechimlar ham yaratmoqda. Masalan, yosh ixtirochi Davlatbek Qudratov Qizilqumning chekka hududlari uchun “Free Energy” deb nomlangan startap loyihasini test qilmoqda. Ushbu qurilma gaz bilan birga 5 kilovattgacha elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Qurilma tomidagi quyosh panellari esa quyoshga avtomatik moslashadi. Bu cho‘l va dasht hududlarida yashovchi chorvadorlar va aholi uchun hayotiy va zarur yechimdir. Davlatbek kelajakda bu loyihani yanada takomillashtirishni maqsad qilgan.

Katta g‘oyalar uchun katta shaharlar shart emasligini Xatirchi tumani, Bog‘ishamol mahallasida yashovchi 19 yoshli Pirmuhammad Xudoyorov ham isbotladi. U davlatdan 50 million so‘m imtiyozli kredit olib, otasining ustozligida asalarichilikni yo‘lga qo‘ydi. Ikki qutidan boshlangan faoliyat bugun 45 qutiga yetdi.
Pirmuhammad mehnatidan qochmagan odam bir yilda to‘rt martagacha toza asal olishi mumkinligini, zamonaviy parvarish sirlarini global tarmoqlardan o‘rganayotganini aytadi. Shu mahallalik talaba Faxriddin Umarov esa 33 million so‘m imtiyozli kredit evaziga 15 sotix yerda 120 tup uzum ko‘chati yetishtirmoqda. U uzum qatorlari tagidagi bo‘sh maydondan ham unumli foydalanib, pomidor, kartoshka, qulupnay ekib hosil olmoqda. Topgan daromadiga kichik turdagi qishloq xo‘jalik texnikalari xarid qilyapti.
Har bir mahalladagi ijobiy o‘zgarishlar zamirida tizimli mehnat yotibdi. Bog‘ishamol mahallasidagi hokim yordamchisi Qosimjon Shopo‘latovning qayd etishicha, mahalladagi 565 nafar yoshning ehtiyojlari xatlovlar davomida aniqlangan. Ular “Yoshlar daftari” orqali qo‘llab-quvvatlanmoqda. Sakkiz nafar yosh kasb-hunarga o‘qitilib, o‘n nafariga o‘z biznes rejasiga muvofiq kreditlar ajratildi. Mahalla yettiligi oliy ta’limga kirolmagan yoshlar bilan ham alohida individual reja asosida ishlab, kambag‘allik va ishsizlikni bartaraf etishni maqsad qilgan.
Yer bilan tillashgan, dehqonchilik hadisini olgan yoshlar ham bugun viloyat iqtisodiyotiga katta hissa qo‘shmoqda. Karmana tumanida yashovchi Hosilbek Sayfullayev oilasi bilan bir gektar yerni ijaraga olib, maxsus urug‘lardan 20 ming tup pomidor niholi yetishtirdi. Bu maydondan avgust oyida 100 tonnaga yaqin hosil olish va oilaviy daromadni keskin oshirish mo‘ljallanmoqda.
Yoshlar bandligi va ularning zamonaviy bilim olishiga tikilgan mablag‘ davlat uchun eng serdaromad va xavf-xatardan xoli sarmoyadir. Navoiy viloyatidagi real hayotiy misollar shuni ko‘rsatadiki, imkoniyat berilgan joyda tashabbus tug‘iladi.
Har qanday investitsiya va tabiiy resurs vaqt o‘tishi bilan qadrsizlanishi yoki tugashi mumkin. Ammo to‘g‘ri yo‘naltirilgan insoniy kapital geometrik progressiya sur’atida ko‘payuvchi boylikdir. Agar yigit-qizlarga bugun imkoniyat berilmasa, ertaga davlat ijtimoiy sohadagi defitsitni yopish va jinoyatchilik oqibatlari bilan kurashish uchun ikki hissa ko‘p mablag‘ sarflashga majbur bo‘ladi. Mantiq oddiy! Yo biz bugun yoshlar uchun ish o‘rni yaratamiz, yo ertaga ular yaratgan muammolarni hal qilish bilan band bo‘lamiz.
Hayotiy nuqtai nazardan esa, bu islohotlarning asl qiymati vazirlik hisobotlarida emas, balki olis bir mahallada asalari parvarishlayotgan bir yoshning ko‘zidagi ishonchda ko‘rinadi. Chekka qishloqdagi oddiy oila farzandi o‘z tomorqasidan daromad topa boshlasa, u nafaqat o‘zini, balki butun ro‘zg‘orini oyoqqa turg‘izadi. Bu ota-onalarning xotirjamligi, farzandlarning sifatli ta’limi va uylardagi to‘kinlik demakdir. Eng muhimi, o‘z yurtida qadr topgan, mehnatidan baraka ko‘rgan yosh avlod hech qachon ortga chekinmaydigan kuchga aylanadi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA sharhlovchisi