Bolalarning maktabgacha ta’limga qamrovi oshgan
Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisi o‘tkazildi. Senatning o‘n sakkizinchi yalpi majlisida 8 ta qonun ko‘rib chiqilishi, shuningdek, boshqa bir qator masalalar muhokama qilinishi belgilangan bo‘lib, tadbirda ular to‘g‘risida axborot berildi.
Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, maktabgacha ta’limni takomillashtirishning qonuniy asoslari, xorijiy amaliyot va mamlakatimizda sohani rivojlantirishning istiqbollari mavzusi muhokama markazida bo‘ldi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda so‘nggi yillarda respublika bo‘yicha maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni hamda bolalarning maktabgacha ta’limga qamrovi darajasi oshgan. Xususan, 2017 yilda respublika bo‘yicha jami 5 ming 211 ta MTTga 708 ming 247 nafar bola (3-7 yoshdagi bolalarning 27,7 foizi) qamrab olingan bo‘lsa, 2021 yilga kelib, 18 ming 254 ta MTTga 1 million 699 ming 566 nafar bola (60,9 foiz) qamrab olingan.
Qolaversa, maktabgacha ta’lim xizmatlarining sifati va ommabopligini ta’minlash maqsadida 2021 yilning birinchi yarim yilligi davomida qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, davlat-xususiy sheriklik shaklidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish ishlarini jadallashtirish hamda ushbu sohaga xususiy sektorni kengroq jalb etish orqali maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 3 ta qarori qabul qilindi. Shu bilan birga, maktabgacha ta’lim sohasini takomillashtirish maqsadida xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, xorijiy tajriba keng o‘rganilmoqda. Xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlar bilan maktabgacha ta’lim tizimida ta’lim sifatini oshirish borasida ikki tomonlama hamkorlikda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, YUNISEF, KOICA, Jahon Banki, JICA, YUNESKO bilan birgalikda amalga oshirilayotgan xalqaro loyihalar ustida tegishli ishlar olib borilmoqda.

Majlisda bu borada yechimini kutayotgan bir qator muammolar ham sanaldi. Boshlang‘ich ta’limning majburiy bepul bir yillik tayyorlov guruhlarida 6 yoshli bolalarni o‘qitish uchun malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash choralari yetarli darajada ko‘rilmagan. Malaka oshirishda kredit-modul tizimiga asoslangan uzluksiz, muqobil shakllarni joriy etish orqali pedagog kadrlarga doimiy ravishda o‘z ustida ishlash, kasbiy o‘sishning individual trayektoriyasini tanlash va amalga oshirish uchun sharoitlar yaratilmagan. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘quv dasturlari hamda umumta’lim maktablari o‘quv rejasi o‘rtasida uzviylik ta’minlanmagan.
Shu bilan birga, maktabgacha ta’limning muqobil shakllarini rivojlantirish, xorijiy tajribani chuqur o‘rgangan holda yangi pedagogik texnologiyalarni amaliyotga joriy etish talab darajasida emas. Qayd etilgan muammo va kamchiliklarni tahlil etish, maktabgacha ta’limni takomillashtirishda xorijiy tajriba asosida yangi pedagogik texnologiyalarni jalb qilish, malakali pedagog kadrlarni tayyorlash, o‘quv dasturlarining uzviyligini ta’minlashga qaratilgan zarur taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Nurillo Nasriyev, O‘zA