Bolalarga nisbatan qilingan og‘ir jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligi kuchaydi
Davlatimiz rahbari 2026-yil 14-oktabr kuni “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi rektori, yuridik fanlar doktori Sherzod Abduqodirov mazkur qonunning mohiyati va ahamiyati haqida gapirib berdi:
– Qonun bilan bir vaqtning o‘zida beshta (Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Jinoyat-ijroiya va Mehnat) kodeks hamda 6 maxsus qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Hujjatga ko‘ra, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan eng og‘ir jinsiy jinoyatlar (Jinoyat kodeksi 118 va 119-moddalarining to‘rtinchi qismlari) uchun uzoq muddatli, ya’ni 20 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.
Jinoyat kodeksining 50-moddasidagi “ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotgan ayollarga hamda oltmish yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan tayinlanayotgan jazo muddati Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum etish eng ko‘p muddatining uchdan ikki qismidan ortiq bo‘lishi mumkin emas” degan normaga “bundan bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar mustasno” ekanligi haqidagi qoida kiritildi.
Jazodan ozod qilishda bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun shartli hukm (Jinoyat kodeksi 72-modda) qo‘llanilmasligi va jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish (Jinoyat kodeksi 73-modda) tartibi cheklandi.
Jinsiy zo‘ravonlikka oid ishlarda voyaga yetmagan jabrlanuvchi va guvohga davlat hisobidan advokat beriladi.
Zo‘ravonlik yaqin qarindosh tomonidan sodir etilganda, jinoyat protsessida vasiylik va homiylik organining vakili ishtirok etadi.
Ma’muriy javobgarlikka oid jazolar kuchaytirildi. “Bolalar o‘rtasida tarqatilishi taqiqlangan axborotdan ularni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish” va “Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalarning qarorlarini ijro etmaslik yoki ijro etishga to‘sqinlik qilish” uchun ma’muriy javobgarlik joriy etildi.
Jinoyat-ijroiya qonunchiligiga voyaga yetmaganlarni ta’lim, tarbiya va ijtimoiy xizmat muassasalari nazorati ostiga berish chorasi hamda qonunchilikka boshqa bir qator normalar kiritildi.
Endilikda Jinoyat kodeksiga ko‘ra, uzoq muddatli (yigirma yildan ortiq, lekin yigirma besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga) ozodlikdan mahrum qilish va umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi faqat to‘rtta holatda: javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish (97-moddaning ikkinchi qismi), o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish (118-moddaning to‘rtinchi qismi), o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki uning ojizligidan foydalanib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish (119-moddaning to‘rtinchi qismi), terrorizm (155-moddaning uchinchi qismi) uchun tayinlanadi.
Qonunning muhim jihati shundaki, eng og‘ir jazolar ro‘yxati aniq cheklangan. Buning natijasida sud ham, fuqaro ham qaysi jinoyat uchun qanday jazo chegarasi qo‘llanilishi mumkinligini oldindan biladi. Ushbu ro‘yxatga o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolalarga qarshi jinsiy jinoyatlarning kiritilishi davlat va jamiyatning bu boradagi qat’iy pozitsiyasini ko‘rsatadi.
Qonun bilan voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilish (Jinoyat kodeksi 64-modda) va jazoni ijro etish muddati o‘tib ketganligi munosabati bilan jazodan ozod qilish (Jinoyat kodeksi 69-modda) tartiblari qo‘llanilmasligi belgilandi. Bu norma jinoyat jabrlanuvchi voyaga yetgandan keyin ma’lum bo‘lgan hollarda ham adolatni tiklash imkonini beradi.
Jinoyat sodir etgan voyaga yetmaganlarga nisbatan Jinoyat kodeksida belgilangan majburlov choralariga yangi “nazorat ostiga berish” chorasi kiritilmoqda. Bu chora tarbiya va ijtimoiy moslashuvga urg‘u beradi hamda bolani oila va ta’lim muhitidan uzib qo‘ymasdan tuzatish imkonini yaratadi. Bunda sud mazkur chorani tanlashda bolaning yoshi, oilaviy sharoiti va muassasaning real imkoniyatlarini hisobga olishi lozim bo‘ladi.
Shu bilan birga, qonun bilan voyaga yetmagan shaxsga nisbatan qasddan badanga og‘ir va o‘rtacha og‘ir shikast yetkazganlik, shuningdek bir guruh shaxslar tomonidan o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etganlik uchun javobgarlik og‘irlashtirilmoqda.
Qonun jinsiy zo‘ravonlikka oid ishlarda voyaga yetmagan jabrlanuvchiga va guvohga qonunda belgilangan tartibda, majburiy ravishda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokat ishtirokini ta’minlash choralarini nazarda tutadi. Bu ota-onasi advokat yollashga qurbi yetmagan yoki huquqiy yordam haqida bilmagan bolalarni protsessda himoyasiz qoldirmaslikka xizmat qiladi.
Agar jinoyat bolaning ota-onasi, farzandlikka oluvchisi, vasiysi, homiysi yoki boshqa yaqin qarindoshi tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, sudga qadar ish yuritish va sud muhokamasining barcha protsessual harakatlarida vasiylik va homiylik organi vakilining ishtirok etishi belgilandi. Zo‘ravon bolaga eng yaqin odam bo‘lgan holatlarda qonuniy vakilning manfaatlari bolanikiga zid kelishi mumkin. Qonun jarayonga mustaqil davlat vakilini kiritish orqali ushbu manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etadi. Qonunga ko‘ra, bunday ishlarda voyaga yetmagan guvoh yoki jabrlanuvchini so‘roq qilishda vasiylik va homiylik organi vakilining ishtirokini ishni yurituvchi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud ta’minlashi shart.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdagi shahvoniy shilqimlik uchun jarima va ma’muriy qamoqqa olish jazolari kuchaytirildi. Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, tarbiya hamda ta’lim berish jarayonida ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etish, nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish kabi voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq ayrim boshqa ma’muriy huquqbuzarliklar uchun ham javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Mehnat kodeksidagi mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish tartibiga o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, bolani tarbiyalash va unga ta’lim berish majburiyati o‘z zimmasiga yuklatilgan ta’lim tashkiloti xodimining bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilishi mehnat shartnomasini bekor qilishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri asos bo‘lib xizmat qilishi belgilandi.
Qonunning eng kuchli tomoni uning tizimli ekanligidadir, chunki bir hujjat bilan javobgarlik, sud protsessi, jazoni ijro etish, profilaktika va mehnat munosabatlari yagona zanjirga bog‘landi. Eng og‘ir jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligi kuchaydi, bola esa protsessda yolg‘iz qolmaydi: davlat hisobidan advokat, mustaqil davlat vakili va ehtiyotkorlik bilan so‘roq qilish tartibi uning qayta jarohatlanishi (reviktimizatsiya) xavfini kamaytiradi. Huquqbuzar bolaga (voyaga yetmagan jinoyatchiga) nisbatan esa shunchaki jazolashdan ko‘ra, tarbiya va reabilitatsiya choralari ustuvor qilib qo‘yildi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu qonun bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha izchil va kompleks qadamdir. U bir tomondan eng og‘ir jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirsa, ikkinchi tomondan bolani protsessda yolg‘iz qoldirmaydigan kafolatlar yaratadi va profilaktikani yopiq muassasalardan ta’lim, ijtimoiy xizmat hamda oila bilan ishlash tizimiga o‘tkazadi. Uning samaradorligi esa qonunni amaliyotda aniq qo‘llash, qonunosti hujjatlarini o‘z vaqtida muvofiqlashtirish va ijro resurslarini to‘g‘ri yo‘naltirish bilan belgilanadi.
N.Abduraimova,
O‘zA