Bolalar uchun sifatli va zamonaviy kontentlar yaratish masalalari yuzasidan muloqot o‘tkazildi
Bugungi sun’iy intellekt shiddat bilan o‘sayotgan davrda bolalar uchun sifatli kontent har qachongidan ham zarur. Negaki, ularning onggini sog‘lom shakllantirmasak, maqsadga muvofiq bo‘lmaydi.
Aynan shu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova Bolalar kontentini rivojlantirish markazi mas’ullari bilan bolalar uchun sifatli va zamonaviy kontentlar yaratish masalalari yuzasidan muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida bolalarga mos, qiziqarli mediakontentlar ishlab chiqish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan loyihalar, natijalar hamda istiqboldagi rejalar muhokama qilinib, o‘zaro fikr almashildi.
Xususan, “Temurbek” tarixiy-badiiy filmi, bolajonlarga yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini sodda va qiziqarli tarzda tushuntirishga qaratilgan 25 qismli “Yo‘lbars berar dars” loyihasi, shuningdek, “Bayroq ko‘targan qiz” kabi tarbiyaviy va ma’rifiy ahamiyatga ega media mahsulotlar va “Chempion” filmi premerasi muhokama qilindi.

Yakunda mas’ullarning taklif va mulohazalari tinglanib, ushbu yo‘nalishdagi kelgusi vazifalar belgilab olindi.
Sherbek Islomov, O‘zA