Bolalar saratonini davolashda xarajatlarni to‘liq qoplash tizimi yaratiladi
O‘zbekistonda onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan bolalar hamda o‘smirlarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida qabul qilingan 2025–2035-yillarga mo‘ljallangan Milliy rejada sohani boshqarish va barqaror moliyalashtirish tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ushbu strategik hujjatning oltinchi yo‘nalishiga muvofiq, joriy yildan boshlab onkologik xastaliklarga chalingan bolalar uchun davlat tibbiy sug‘urtasi hisobidan alohida xizmatlar paketini moliyalashtirish bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Mazkur maxsus paket o‘z ichiga ko‘plab hayotiy muhim va zarur yo‘nalishlarni qamrab oladi. Xususan, u orqali kimyoterapiya, maqsadli va immunoterapiya uchun zarur bo‘lgan zamonaviy dori vositalari, yuqori texnologik diagnostika jarayonlari, murakkab jarrohlik amaliyotlari hamda statsionar sharoitdagi davolanish xarajatlari to‘liq qoplanadi.
Shu bilan birga, kichik yoshli bemorlar va ularning oila a’zolari uchun psixologik, ijtimoiy va palliativ yordam ko‘rsatish, teridan tashqari raqamli xizmatlar hamda innovatsion teletibbiyot imkoniyatlaridan keng foydalanish, shuningdek, bemorlar to‘liq sog‘ayib ketguniga qadar davom etadigan reabilitatsiya va tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish nazarda tutilgan.
Milliy reja doirasida hududlardagi tibbiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va sifatini yanada oshirish maqsadida Respublika bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning hududlardagi 14 ta filiali faoliyati tubdan takomillashtiriladi.
Bu chora-tadbirlar joylarda kasalliklarni o‘z vaqtida – erta bosqichda aniqlash, bemorlarni qisqa fursatda ixtisoslashgan markazlarga yo‘naltirish, davolash jarayonini qat’iy nazorat qilish hamda markaz va hududiy mutaxassislar o‘rtasida doimiy masofaviy maslahatlashuvlarni yanada kengaytirish imkonini beradi.
Shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YUNISEF, yetakchi xalqaro moliya institutlari va xorijiy hamkorlar bilan yaqin hamkorlikda sohaga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish, ilg‘or diagnostika imkoniyatlarini kengaytirish hamda tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish ishlari jadallashtiriladi.
2030-yilga borib bolalar onkologiyasida diagnostika, murakkab davolash muolajalari, zarur dori vositalari va to‘liq reabilitatsiya xarajatlarini davlat tomonidan 100 foiz qoplash tizimini to‘liq shakllantirish ko‘zda tutilgan.
Mohigul Qosimova,
O‘zA