Bolalar otasi qaramog‘iga o‘tdi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat Koson tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor O.U.dan undiruvchi Sh.A. foydasiga 2 nafar farzandlarini o‘z tarbiyasiga olib berish belgilangan.
Bolalarning onasi bevaqt hayotdan ko‘z yumgach, ular tog‘asining qaramog‘ida qolgan. Tog‘asi O.U. esa voyaga yetmagan 6 va 7 yoshli bolalarni otasiga berishni xohlamagan. Otasi bolalarni tinch yo‘l orqali, ancha harakatlar bilan ololmagach, sudga murojaat qilib, muammoni sud tartibida hal qilishga qaror qilgan.
– Ushbu ijro hujjati byuroning Koson tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va shu kunning o‘zida ijro ishini yuritish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, taraflarga ma’lum qilingan, – deydi MIB Koson tuman bo‘limi davlat ijrochisi Sirojiddin Zoirov. – Ammo qarzdor davlat ijrochilarining ogohlantirishlariga qaramasdan, bolalarni o‘z ixtiyori bilan topshirishdan bosh tortdi. Shundan so‘ng, bolalar majburiy tartibda o‘z otasiga olib berildi. Shu sababli, hujjat ijrosi amalda tamomlandi.
O‘lmas Barotov, O‘zA