Bola ta’minotsiz qolmadi
Farmon va ijro
Majburiy ijro byurosining Ohangaron tuman bo‘limi tomonidan Prezidentning 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash borasida muayyan ishlar olib borilmoqda.
Mazkur hujjat bo‘yicha “Aliment to‘lovlari jamg‘armasi” tashkil etilgan bo‘lib, voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlagan qarzdor jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdirda, aliment to‘lovlaridan yuzaga kelgan qarzdorlikni jamg‘arma qoplab berishga yo‘naltirilishi belgilangan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Ohangaron tumanlararo sudining tegishli ijro hujjatiga asosan qarzdor B.Gulamovdan undiruvchi M.Gulamova foydasiga aliment undirish belgilangan. Mas’uliyatsiz ota ma’muriy jazoga tortilishiga qaramasdan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarmadi. U aliment to‘lovini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgani tufayli unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilgan. Aybdor otaning jinoyati natijasida yetkazilgan 48,4 million so‘m miqdordagi zarar “Aliment to‘lovlari jamg‘armasi” hisobidan qoplandi va undiruvchi nomiga ochilgan bank plastik kartasiga o‘tkazildi.
A.Musayev,O‘zA.