Bola huquqlarini himoyalash mexanizmlari yanada kuchaytirilmoqda
Har bir bola xavfsiz muhitda yashash, rivojlanish hamda o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish huquqiga ega. Mamlakatimizda bolalarni zo‘ravonlik illatidan himoyalashga qaratilgan islohotlarning bugungi ko‘lami qanday? Shu haqda Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani), yuridik fanlar doktori, professor Surayyo Rahmonovaning fikrlariga qiziqdik.
– Bolaga nisbatan zo‘ravonlik jamiyat taraqqiyotiga jiddiy tahdid soluvchi ijtimoiy hodisa hisoblanadi, – deya fikrini boshladi Surayyo Rahmonova. – Shu bois, O‘zbekistonda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilgan.
Jumladan, davlatimiz rahbarining 2025-yil 26-dekabrda Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida “Jamiyatimizda bolalarning turli zo‘ravonliklarga uchrayotgani buyuk tarix, yuksak ma’naviyat va ma’rifatga ega bo‘lgan, oilani muqaddas deb bilgan xalqimizga aslo yarashmaydi”, deya alohida ta’kidlandi.
Birgina 2025-yilda zo‘ravonlikka nisbatan qat’iy murosasizlikka tayangan qator qonunchilik hujjatlari qabul qilindi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan global tashabbus – “Bogota harakatlar chaqiruvi”ga qo‘shildi hamda Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka chek qo‘yish bo‘yicha global alyans a’zoligiga qabul qilindi.
2025 yil 14 mayda O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni kuchga kirib, mazkur huquqiy hujjat asosida bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning mutlaqo yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24 dekabrdagi farmoni bilan 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi qabul qilindi.
Muzkur izchil islohotlar jarayonining mantiqiy davomi sifatida 2026-yil 3-martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
– Shu o‘rinda savol tug‘iladi: ushbu tarixiy hujjat qabul qilinishining ijtimoiy-huquqiy zarurati nima bilan izohlanadi?
– Aytish kerakki, 2025-yil 15-dekabrda huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa mutasaddi idoralar rahbarlari ishtirokida rahbariyat tomonidan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazilib, unda ayollar va bolalarning huquqlarini ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelayotgan muammolarni tahlil qilib, yechimini berish bo‘yicha mas’ullar belgilandi. Shuningdek, bu borada faoliyatni samarali tashkil etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzurida muvofiqlashtiruvchi idoralararo kengash tashkil etildi. Kengashga qisqa muddatda ayollar va bolalar huquqlarini yanada ishonchli ta’minlash yuzasidan takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Aynan Kengash faoliyati doirasida olib borilgan tahlillar asosida tayyorlangan taqdimotda davlatimiz rahbari tomonidan bu borada ishlab chiqilgan takliflar bilan tanishilib, ular ma’qulandi va tegishli farmon imzolandi. Shu tariqa ushbu muhim hujjat bilan bolalar va ayollar huquqlarini himoyalashning mazmunan mutlaqo yangi mexanizmi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Farmonda nafaqat ayollar va bolalarga nisbatan sodir etiladigan turli tazyiq hamda zo‘ravonliklarga qarshi qat’iy huquqiy yechimlar, balki ularning oldini olish bo‘yicha profilaktik-preventiv samarali choralar ham ko‘zda tutilgan.
Bu borada hujjatda aks etgan bolalar himoyasini jiddiy kuchaytirishga oid masalalarga alohida e’tibor qaratish joiz.
Jumladan, erta turmush qurish, voyaga yetmagan shaxs bilan nikoh holatlarining oldini olish maqsadida endilikda erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik holatlari haqida ichki ishlar organlari hamda “Inson” markazlariga xabar berish, bunday voyaga yetmaganlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tezkor idoralararo zanjir yaratiladi. Alohida hollarda nikoh yoshini kamaytirishni ko‘zda tutuvchi asoslar qonunchilikda aniq va qat’iy belgilanadi. Ularni asossiz kengaytirish, mavhumlashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shu bilan birga, voyaga yetmaganlar bilan nikoh tuzishga da’vat va uni targ‘ib qilgan (qiziqtirgan) shaxslar uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi. Yana bir jihat – rag‘bat sifatida nikoh yoshiga oid qonunchilikni buzish holati haqida xabar bergan shaxslarga jarimaning 15 foizi beriladi.
– Tazyiq va zo‘ravonlik holatlariga qarshi kurashish yuzasidan ham yechimlar nazarda tutilganmi?
– Eng muhim qadam – 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan og‘ir jinsiy zo‘ravonlik jinoyatlarini sodir etganlik uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jinoiy jazoni belgilash ko‘zda tutilmoqda. Voyaga yetmagan bolalarga nisbatan og‘ir jinsiy jinoyatlar sodir etgan mahkumlarni manzil-koloniyalariga o‘tkazmaslik qat’iy qoidasi belgilanmoqda.
Shuningdek, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan shahvoniy shilqimlik bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish hujjatlarini qilmishda jinoyat alomatlari mavjud emasligi haqida prokuror tomonidan qaror qabul qilinganidan so‘ng sudga yuborish tartibi ko‘zda tutilmoqda.
Yana bir jihat – ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik jinoyatlarini (JKning 118, 119, 121, 128, 128-1, 129-moddalaridagi jinsiy jinoyatlar) tergov qilish vakolati ichki ishlar organlaridan prokuraturaga o‘tkazilmoqda. Bu yangi tartib tergovning sifati oshishi va jabrlanuvchilarning ishonchli himoyasiga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, ilg‘or xalqaro amaliyotlar asosida ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq, zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish, ko‘rib chiqish uchun ixtisoslashtirilgan va maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchilar, sudyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Internet, ijtimoiy tarmoqlarda sodir etiladigan zo‘ravonlik (kiberzo‘ravonlik), voyaga yetmagan shaxslardan jinsiy foydlanish hamda shu maqsadda internet orqali voyaga yetmagan shaxsning ishonchini qozonish (onlayn gruming) uchun ham qonunchilikda javobgarlik belgilanmoqda.
Alohida ta’kidlash muhimki, ilg‘or xorijiy davlatlarda amalda bo‘lgan mazkur yangi turdagi jinoyatlar kriminalizatsiyasi xalqaro hamjamiyat olqishlaydigan nihoyatda dadil milliy qadam hisoblanadi.
Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu tarixiy farmoni bilan bola huquqlari himoyasi darajasi mazmunan yangi bosqichga ko‘tarilib, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish tizimi tubdan takomillashtiriladi.
Buning natijasida jabrlanuvchi – bolalar himoyasi kuchayadi, tergov va sud jarayonlari sifati oshadi, zo‘ravonlik qurbonlariga tez va samarali yordam ko‘rsatiladi, huquqbuzarliklar latentligi kamayishi barobarida jazo muqarrarligi ta’minlanadi.
Eng muhimi esa farmon davlatimizda bolalar va ayollar huquqlarini xalqaro standartlar darajasida kafolatlash hamda jamiyatda zo‘ravonlikka qarshi murosasizlik muhitini shakllantirishda muhim tarixiy davrga asos soladi.
O‘zA muxbiri
Abdulaziz RUSTAMOV suhbatlashdi.