Bokschilarimiz Olimp cho‘qqisini ko‘zlamoqda
Ayni damda qariyb barcha dunyo sport ixlosmandlari, muxlisu-mutaxassislari bor e’tiborini Parij shahrida o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlariga qaratmoqda.
Bu galgi to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi qizg‘in kurashlarga boy o‘tishi shubhasiz. Shu o‘rinda, «Parij-2024» musobaqasining boks bo‘yicha o‘tadigan bahslariga e’tibor qaratamiz.

Olimpiya o‘yinlarining boks bahslari 27 iyuldan 10 avgustga qadar bo‘lib o‘tadi. Ushbu kunlar mobaynida dunyoning 68 mamlakatidan 248 nafar bokschisi 13 ta vazn (7 erkaklar, 6 ayollar) toifasida medallar uchun kurash olib boradi. Boks bahslari saralash bosqichi «North Paris Arena» majmuasida, final bellashuvlari «Roland Garros» stadionida bo‘lib o‘tadi.
Mazkur musobaqada boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 11 nafar sportchi bilan qatnashadi. Aniqrog‘i, yigitlar to‘liq tarkibda 7 vazn toifasida, qizlar esa tarixda ilk bor 4 vaznda bahslarga kirishadi.

Olimpiya o‘yinlarida Hasanboy Do‘smatov (-51 kg.), Abdumalik Halokov (-57 kg.), Ruslan Abdullayev (-63,5 kg.), Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev (-71 kg.), To‘rabek Habibullayev (-80 kg.), Lazizbek Mullajonov (-92 kg.) va Bahodir Jalolov (+92 kg.) erkaklar o‘rtasida, Sabina Boboqulova (-50 kg.), Nigina O‘ktamova (-54 kg.), Sitora Turdibekova (-57 kg.) hamda Navbahor Hamidova (-66 kg.) ayollar orasidagi bahslarda ringga ko‘tariladi.
Albatta, barcha charm qo‘lqop ustalarimizning olimp cho‘qqisini zabt etishiga ishonamiz. Biroq ular o‘rtasida nafaqat hamyurtlarimiz, balki dunyo e’tirof etgan uch nafar erkak bokschimiz – Hasanboy Do‘smatov, Abdumalik Halokov va Bahodir Jalolov bor. Ularning «Parij-2024» Olimpiadasidagi ishtiroki katta qiziqish bilan kuzatilishi shubhasiz.
Shu o‘rinda, bu uch bokschimizning Olimpiya chempioni bo‘lishi uchun asosiy raqiblari kim ekani haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsak.
Avvalo, 51 kilogrammgacha vazn toifasida mamlakatimiz sharafini himoya qiladigan «Rio-2016» Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, qit’a va jahon chempioni, Osiyo o‘yinlarining oltin medal sohibi Hasanboy Do‘smatovda bu yilgi Olimpiadada ikkinchi bor shohsupaga ko‘tarilish imkoniyati mavjud. Ushbu vazn toifasida dunyoning 17 nafar charm qo‘lqop ustalari bahs olib boradi.

Ular orasida Hasanboyning azaliy raqiblaridan biri hindistonlik Amit Pangal, qozog‘istonlik Saken Bibossinov kabi bokschilar bor. Albatta, ulardan tashqari, mezbonlar vakili Bilal Bennama, kubalik Alexandro Klaro va AQSH sharafini himoya qiladigan Rosko Xill kabi bokschilar oson raqib emasligini inobatga olish kerak. Hasanboyning katta tajribasi va yuqori tezligi hamda texnikasi ularnikidan ustun ekanini bilamiz. Ushbu bokschilar hozirgi vaqtda ehtimoliy raqiblar. Ular bilan H.Do‘smatov qaysi bosqichda to‘qnash kelishi qur’adan so‘ng ma’lum bo‘ladi.
Shuningdek, Olimpiya o‘yinlarida vazni 57 kilogrammgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida Olimpiada g‘olibi, dunyo va qit’a chempioni, Osiyo o‘yinlarida tengsiz bo‘lgan hamyurtimiz Abdumalik Halokov o‘zining debyut janglarini o‘tkazadi.

Uning vaznida 18 nafar sportchi bahslarga kirishadi. Hozirga qadar bu vazn toifasining 16 nafar ishtirokchisi aniq bo‘lgan, yana ikki nafari Universal kvota yo‘llanmasi sohibi bo‘ladi. Ushbu yo‘llanma tashkiliy qo‘mita tomonidan katta ehtimol bilan mezbon bokschi yoki neytral sportchilardan biriga nasib etadi.
Xo‘sh, bu vaznda Xaver Ibanes Diaz (Bolgariya), Jamal Xervi (AQSH), Mahmud Sabirxan (Qozog‘iston), Shudai Xarada (Yaponiya), Saidel Xorta (Kuba) va Karlo Palam (Filippin) kabi bokschilar Abdumalik uchun jiddiy raqib hisoblanadi. Shuni unutmaslik kerakki, Olimpiya o‘yinlarida asli oson raqibning o‘zi bo‘lmaydi va oddiy bokschilarning to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida ishtirok etmasligi barchaga ma’lum. Shunday bo‘lsada, A.Halokov uchun ilk Olimpiada omadli o‘tishiga ishonamiz.

Endi esa, so‘nggi yillarda havaskor va professional ringlarda mag‘lubiyat nima ekanini bilmay kelayotgan Bahodir Jalolov va uning ehtimoliy raqiblari haqida to‘xtalib o‘tamiz.
Amaldagi Olimpiya va Osiyo o‘yinlari hamda jahon chempionati g‘olibi Bahodir Jalolov Parij Olimpiadasida eng og‘ir +92 vazn toifasida ringga ko‘tariladi. Mazkur vazn toifasida hamyurtimizdan tashqari yana 15 nafar charm qo‘lqop ustalari g‘oliblik da’vosida bahslarga kirishadi.
Albatta, Bahodir Jalolov bu vazn toifasida yaqqol yetakchidir. Ammo o‘tgan yillar Delishes Ori (Britaniya), amerikalik Joshua Edvards, braziliyalik Abner Teysheyra kabi bokschilar ham bor. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, bu bokschilar Bahodirga emas, balki Bahodir ularga jiddiy raqibdir.
XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida boks bo‘yicha mamlakatimiz erkaklar va ayollar terma jamoasi yuksak marralarni zabt etib, yangi O‘zbekistonga yangi g‘alabalar bilan qaytishiga umid bildiramiz.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA