Bojxonachilarga xizmat uylari topshirildi
Farg‘ona shahridagi ekoshahar – “Yangi O‘zbekiston” massivida bojxona xodimlari uchun bunyod etilgan 9 qavatli 70 ta xonadondan iborat xizmat uylari foydalanishga topshirildi. Bu uylar 26 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuniga munosib tuhfa bo‘ldi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda viloyat sektorlar rahbarlari, bojxona boshqarmasi mas’ullari, soha vakillari va faxriylari ishtirok etdi.



Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bojxona organlari xodimlari mamlakat iqtisodiy xavfsizligi va manfaatlarini ta’minlashda asosiy tayanch va himoyachilardan biri ekanligini ta’kidlab, ularni kasb bayrami bilan qutladi. Mazkur tizimda xizmat qilayotgan xodimlarning ijtimoiy himoyasi, ularni uy-joy bilan ta’minlashga muhim e’tibor qaratilayotganligini qayd etdi. Yangi uyga ega bo‘lgan bojxona xodimlariga samimiy tilaklar bildirildi.
“Osiyo qurilish ta’mir” MCHJ tomonidan bunyod etildi mazkur shinam uylarda bojxonachilar va ularning oila a’zolari uchun barcha sharoit yaratilgan.


Tadbirda yangi uylar kalitlari o‘z egalariga tantanali tarzda topshirildi. Ramziy lentalar qirqilib, xonadonlarda yaratilgan shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Nuroniylar duoga qo‘l ochib, yurtimizda mana shunday bunyodkorlik, ma’murchilik, farovonlik barqaror bo‘lishini tiladi.
M. Sulaymonov, O‘zA