Bojxonachilar tadbirkorlarning muammolarini o‘rgandi
Mamlakatimizning barcha hududlarida tadbirkorlikni rivojlantirish, ularga sifatli xizmat ko‘rsatish, maslahat berish, ularning faoliyatini amalga oshirishga to‘siq bo‘layotgan muammolarni “korxonabay” o‘rganish va uni tezkorlik bilan hal etish maqsadida tegishliligi bo‘yicha davlat idoralari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Ana shu maqsadlarda tashkil etilgan uchrashuvlardan navbatdagisi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Qo‘ng‘irot” TIF bojxona posti xodimlari tomonidan hududning Qo‘ng‘irot, Shumanoy tumanlarida faoliyat yurituvchi bir qator tadbirkorlik sub’ektlari bilan bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda post boshlig‘i A.Saparboyev mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan qulayliklar to‘g‘risida to‘xtalib, ularga to‘siq bo‘layotgan muammolarni o‘rganish va tezkorlik bilan hal etishda bojxona organlari “tadbirkorlarga yaqindan ko‘maklashuvchi organ” nuqtai nazaridan ishlar amalga oshirilayotganligini ta’kidlab o‘tdi. Uchrashuvlar ishlab chiqarish korxonalarida davom ettirildi va joylarga chiqqan holda tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarining muammolari o‘rganildi.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanoy tumanida qizilmiya ildiziga ishlov berib, uning eksporti bilan shug‘ullanuvchi “Liquorice Engineering” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bugungi kunda 30 nafar mahalliy aholi ish bilan ta’minlagan. Mazkur korxonaga Rossiya, Xitoy, Eron davlatlarida ishlab chiqarilgan qiymati 157,37 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan texnologik asbob-uskunalari olib kelingan.
O‘tgan davr mobaynida korxona 485 ming AQSH dollari qiymatidagi 174 tonna qizilmiya ildizi dunyoning Pokiston, Turkiya, Tunis kabi bir qator davlatlariga eksport qilgan. Mutaxassislarning qizilmiya ildizi eksportida joriy etilgan yig‘im bo‘yicha qiziqtirgan savollariga bojxona xodimlari tomonidan batafsil tushuntirish berilib, uni xomashyo tarzida emas, balki yarim tayyor mahsulot yoki komponent tarzida po‘stlog‘idan tozalangan holda eksport qilish uchun yig‘im nazarda tutilmaganligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, tadbirkorlik sub’ektlarida yuzaga keladigan har qanday muammoli vaziyatlarda bojxona organlari qonun doirasida amaliy yordam ko‘rsatishga hamisha tayyor. Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan doimiy ravishda o‘zlarining fikr-mulohazalari, takliflari va ularni qiynayotgan masalalar bo‘yicha bojxona postlariga va aloqa telefonlariga murojaat qilishlari mumkinligi batafsil tushuntirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA