Bojxona tizimidagi islohotlar o‘z samarasini bermoqda
Mustaqillik yillarida mamlakatimizning har bir jabhasida kuzatilgan yangilanish va islohotlar bojxona xizmatini ham chetlab o‘tmadi.
Bojxona organlari bugun mutloq zamonaviy “qog‘ozsiz bojxona”ga o‘tish pirovardida “raqamli bojxona” tamoyili asosida yurtimizning jahon hamjamiyatiga integratsiyasiga o‘zining hissasini qo‘shmoqda.
Hududlardagi tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari bugun mamlakatimizdagi tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’ektlariga yaqindan ko‘makdosh bo‘lmoqda. Ushbu postlar orqali eksport va importga yo‘naltirilgan yuklarning bojxona rasmiylashtiruvi va nazorati bojxona sohasida joriy etilgan 45 ta axborot tizimi, 30 ta interaktiv xizmat va “yagona darcha” platformasida 13 ta vazirlik va tashkilot bilan yo‘lga qo‘yilgan axborot almashish tamoyili asosida, shuningdek, “Elektron deklaratsiyalash” va “Xavfni boshqarish” tizimlari yordamida o‘z vaqtida hech qanday to‘siqlarsiz, samarali amalga oshirilayotir.

Bojxona sohasida xizmat qo‘rsatishning to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotsiz zamonaviy interaktiv shakllarining joriy etilishi, bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayoniga inson omili aralashuvining minimal darajaga keltirilishi tadbirkorlik sub’ektlarining ham vaqt ham harajatlarining tejalishiga zamin yaratmoqda.
Kafel mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi “Prime ceramics” mas’uliyati cheklangan jamiyatining Ispaniya davlatidan olib kelgan kafel uchun maxsus granulalarining importi ham “Qo‘ng‘irot” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida rasmiylashtirilmoqda.
–Bojxona sohasida keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar biz tadbirkorlik sub’etlarining harajat va vaqtini tejashga katta imkon yaratmoqda, – deydi korxona menedjeri Anvar Alliyarov. – Xorij amaliyotining bojxona tizimiga joriy etilishi tadbirkorlar uchun eng muhim bo‘lgan aylanma tezligini oshirishga katta yordam bermoqda. Tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi va nazorati qisqa fursatda amalga oshirilib, hech qanday to‘siqlarsiz o‘z manzillari tomon yo‘naltirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, korxona tomonidan joriy yil boshidan qiymati 2 million 279 ming AQSH dollarga teng bo‘lgan 3117 tonna keramika mahsuloti uchun granula qoplamlari “Qo‘ng‘irot” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida o‘z vaqtida “import” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan.
Sifatli kafel mahsulotlari bilan hozircha ichki bozor talablarini qanoatlantirayotgan ushbu korxona kelajakda o‘z mahsulotlarini eksportga chiqarishni ham rejalashtirgan. Buning uchun esa davlatimizda barcha qulay sharoit yaratilgan.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bugun mamlakatimiz bojxona tizimida joriy etilgan islohotlarning barchasi aholi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay sharoit va imkoniyatlar yaratib, xalqimizning bugungi kunidan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA