Bojxona sohasidagi bilimlar oshirildi
Qibray tumanida joylashgan korxonada oziq-ovqat ishlab chiqarish loyihalarining o‘zlashtirish holatini o‘rganish, mazkur yo‘nalishdagi mavjud muammolarni bartaraf etish hamda kelgusidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan sayyor uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Bojxona qo‘mitasining Tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab- quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i I.Pardayev, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi ishchi guruhi mutaxassislari hamda oziq-ovqat ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, joriy yilda Toshkent viloyatida oziq-ovqat ishlab chiqarish dasturi doirasida qiymati 1 trillion 125 million so‘m bo‘lgan 28 ta loyiha mavjud. Hozirda ushbu yo‘nalishda tadbirkorlarga bojxona organlari tomonidan har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

E’tiborlisi, viloyatdagi korxonalar asosan meva-sabzavotlarni quritish, qayta ishlash, qandolat mahsulotlari tayyorlash, go‘sht, un va sut mahsulotlarini qadoqlash hamda turli ichimlik, mineral suvlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Yig‘ilishda asosiy e’tibor oziq-ovqat ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarini o‘z vaqtida ishga tushirish, bunga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan omillarni bartaraf etishga qaratildi. Qolaversa, muloqot davomida “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi hamda “Eksport uch qadamda” tizimining afzalliklar borasida ma’lumotlar berildi.

Mavzu yuzasidan tadbirkorlar faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolar o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, tadbirkorlarning takliflari, ular faoliyatidagi muammolar ham mas’ullar tomonidan tinglandi. Muhimi, mazkur ochiq muloqot doirasida tadbirkorlar bojxona sohasiga doir so‘nggi yangiliklardan xabardor qilindi.
A.Musayev,O‘zA.