Bojxona postidagi tizim o‘z samarsini bermoqda
Bojxona organlarida xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilishi natijasida bojxona ko‘rigi va rasmiylashtiruviga sarflanadigan vaqt sezilarli darajada qisqarib, tadbirkorlarga eksport va import amaliyotlarida yanada qulay sharoit yaratildi. Ammo mazkur imkoniyatlardan unumli foydalanish o‘rniga bojxona organlari tomonidan taqdim etilayotgan qulayliklardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga urinayotgan “importyor”lar ham tez-tez uchramoqda.
Buxoro viloyatining “Olot” chegara bojxona postiga xorijiy yo‘nalishda harakatlanib kirib kelgan yuk avtotransport vositasi xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi tomonidan “qizil” yo‘lakka yo‘naltirildi. Amalga oshirilgan birlamchi bojxona nazorati davomida mazkur tovarlarning rentgen tasvirlari bojxona xodimlarida shubha uyg‘otdi va ushbu yuklar bejizga “qizil” yo‘lakka yo‘naltirilmaganligini tasdiqladi. Ushbu tovarlar bojxona yuk deklаrasiyasi hamda skanerlangan tasvirlardagi tafovutga asoslangan holda tegishli tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Natijada yuk kuzatuv xujjatlarida ko‘rsatilmagan jami 20 turdagi umumiy qiymati 1 milliard 975 million so‘mlik oldin foydalanishda bo‘lgan avtomobil ehtiyot qismlari borligi o‘z tasdig‘ini topdi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA