Bog‘chada Navro‘z shodiyonasi
FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi 600-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida Navro‘z bayrami ko‘tarinki ruhda nishonlandi. Tadbirda 24 ta guruhda ta’lim olayotgan 800 nafardan ziyod bolajon ishtirok etdi.
Bayram davomida tarbiyalanuvchilar milliy liboslarda an’anaviy qo‘shiq va raqslar ijro etib, xalq o‘yinlari hamda sport musobaqalarida o‘z mahoratini namoyon qildi. Shuningdek, varrak uchirish mashqlari tashkil etildi, bahor va Navro‘zga bag‘ishlangan she’rlar o‘qildi.
[gallery-28499]
Tadbir jarayonlari bolalar uchun qiziqarli va unutilmas taassurotlarga boy tarzda kechdi. Bolajonlar sumalak, halim, ko‘k somsa kabi Navro‘z taomlaridan bahramand bo‘ldi. Bu esa ularda milliy urf-odat va an’analarga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qildi.
Pedagog va tarbiyachilar tomonidan bolalarga Navro‘zning mazmun-mohiyati, milliy qadriyatlar va an’analar haqida tushunchalar berildi. Shu orqali ularda mehr-muruvvat, do‘stlik va birdamlik kabi insoniy fazilatlar shakllantirildi.
Navro‘z shodiyonasi bolalarning quvonchi va yorqin taassurotlari bilan esda qoldi.
Kamola Yusupova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA