Bog‘cha mudirasi shifoxonada vafot etdi
“Forish tumanidagi qishloqlardan birida bog‘cha direktori pichoqlab o‘ldirildi” sarlavhasi ostida ijtimoiy tarmoqda tarqalgan xabarga aniqlik kiritish maqsadida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati bosh prodyuseri katta leytenant Baxtiyor Tog‘ayev bilan bog‘landik.
– Joriy yilning 5 avgust kuni tungi soat 2.30 larda Jizzax viloyati Forish tumani “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida yashagan 1975 yilda tug‘ilgan A.X. tuman tibbiyot birlashmasiga tan jarohatlari bilan olib kelingan va ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, unda biologik o‘lim qayd etilgan, – deydi Baxtiyor Tog‘ayev. – Olib borilgan tezkor surishtiruvlar jarayonida A.X.ga joriy yilning 5 avgust kuni tungi soat 00.30 larda uning mahalladoshi 1989 yilda tug‘ilgan O.A. o‘zaro kelishmovchilik oqibatida oshxona pichog‘i bilan tana qismiga ikki marta zarba berganligi aniqlangan.
Ushbu holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ayni paytda jinoyat sodir etishda gumonlangan fuqaro O.A. protsessual tartibda qamoqqa olingan.
A.QAYUMOV, O‘zA