Bogʻibalandda anjir sayli
“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali arafasida Samarqand shahridagi Bogʻibaland mahallasida anjir sayli oʻtkazildi.
“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali arafasida Samarqand shahridagi Bogʻibaland mahallasida anjir sayli oʻtkazildi.
Anjirni jannat mevasi, deyishadi. Och sariq yoki siyohrang tusli bu meva tarkibi foydali elementlarga boyligi bilan boshqa mevalardan ajralib turadi. Anjir insonga salomatlik, goʻzallik va yoshlik baxsh etadi. Tarixan Amir Temur bogʻlariga mansub Bogʻibaland anjirzorlaridagi daraxtlar bir necha yuz yildan buyon meva berib kelishi aytiladi.
Mutaxassislarning fikricha, koʻchati shu yerdan olib borilib, Samarqandning boshqa hududlarida ekilganida ham meva Bogʻibalanddagichalik xushtaʼm boʻlmas ekan. Bu balki ushbu anjirzorlarning Choʻponota tepaliklari yon bagʻrida joylashgani va Zarafshon daryosiga yaqinligi bilan bogʻliqdir.
Manbalarda Bogʻibaland anjirzorlari tarixi bir necha asrlarga borib taqalishi qayd qilingan. Jumladan, “Boburnoma”da mazkur hududda Amir Temurning suyukli nabirasi, Mironshohning qizi Oqabegimga atab “Bogʻibaland” bogʻi barpo etilgani va unda toʻkin anjirzorlar borligi yozilgan.
Ayni paytda huddudagi 4 fermer xoʻjaligi 40 gektar anjirzorda moʻl hosil yetishtirmoqda.
Sayilda ushbu fermer xoʻjaliklari va Bogʻibalanddagi xonadonlarida pishib yetigan anjirlar koʻrgazmasi namoyish etildi. Mahalliy va xorijlik sayyohlar jannat mevasidan tatib koʻrdilar.
Eslatib oʻtamiz, bu yil “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali ishtirokchilarinng sayohat dasturiga ilk bor Bogʻibaland anjirzorlari ham kiritilgan.