Biznesni ro‘yxatga olishning tadbirkorlar uchun qanday afzalliklari bor?
Mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilayotgan biznesni ro‘yxatga olish tadbirida tadbirkorlarda shu kabi savollar ham tug‘ilyapti. Quyida jarayon davomida berilayotgan ayrim savollarning javoblari keltirib o‘tiladi.
Internetdan faqat reklama va mijozlar bilan muloqot uchun foydalansam, bu ham biznes maqsadida foydalanish hisoblanadimi?

Internetdan biznes maqsadida foydalanish faqat onlayn savdoni anglatmaydi. Mahsulot yoki xizmatni reklama qilish, mijozlar bilan yozishish, hamkorlar va yetkazib beruvchilarni izlash ham shular jumlasidandir.
Internet orqali savdo qilmaslik biznesda internetdan umuman foydalanilmaydi, degani emas. Bunday ma’lumotlar iqtisodiy faoliyatda raqamli texnologiyalardan foydalanish darajasini baholash uchun muhim.
Biznes sub’ektining faoliyat manzili yuridik manzilidan farq qilsa, u qayerda ro‘yxatga olinadi?

Biznes sub’ekti doimiy yoki vaqtincha faoliyat yuritayotgan haqiqiy manzili bo‘yicha ro‘yxatga olinadi. Faoliyat joyi sub’ektning yuridik manzili bilan bir xil bo‘lishi shart emas. Ijaraga olingan bino, xona, ustaxona, savdo rastasi yoki boshqa faoliyat nuqtasi ham ro‘yxatga olish manzili bo‘lishi mumkin.
2026-yil 1-oktabrdan keyin faoliyatini to‘xtatgan korxona ham biznesni ro‘yxatga olishda qatnashadimi?

Ha. Agar iqtisodiy birlik 2026-yil 1-oktabr holatiga faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, keyinchalik faoliyatini to‘xtatgan, tugatilgan yoki tugatish jarayoniga kirgan taqdirda ham savolnoma to‘ldiriladi.
Biznesni ro‘yxatga olishda ma’lumotlar 2026-yil 1-oktabr holatiga qayd etiladi. Ushbu sanadan keyin tashkil etilgan iqtisodiy birliklar esa ro‘yxatga olinmaydi.
Biznesni ro‘yxatga olishda rasmiy va norasmiy xodimlar soni nima maqsadda so‘raladi?

Xodimlar soni haqidagi ma’lumotlar iqtisodiyotning qaysi tarmoqlarida qancha kishi mehnat qilayotganini, biznes sub’ektlarining faoliyat ko‘lamini hamda mehnat bozoridagi bandlik holatini baholash uchun zarur.
Ushbu ma’lumotlar asosida hududlar va iqtisodiy faoliyat turlari kesimida bandlik darajasi, ish o‘rinlarining tarkibi hamda tadbirkorlik sub’ektlarining aholi bandligini ta’minlashdagi o‘rni aniqlanadi. Bu ma’lumotlar nazorat yoki mehnat tekshiruvi o‘tkazish maqsadida emas, balki ishonchli va umumlashtirilgan statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirish uchun yig‘iladi.

Ma’lumot uchun, biznesni ro‘yxatga olish jarayonida tadbirkorlarga zarur tushuntirish va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida 1851 qisqa raqamli “call-markaz” faoliyat yuritmoqda. ”Call-markaz” orqali biznesni ro‘yxatga olish tadbiri bo‘yicha umumiy ma’lumot olish, so‘rovnomani to‘ldirish jarayonida yuzaga kelgan savollarga javob topish, ro‘yxatga olish tartibi va ishtirok etish usullari bo‘yicha tushuntirish olish, jarayon bilan bog‘liq boshqa murojaatlarni yo‘llash mumkin.
Mazkur “call-markaz” soat 8:00 dan 20:00 gacha faoliyat yuritadi.
Mohigul Qosimova tayyorladi,
O‘zA