Biznesni ro‘yxatga olish: dolzarb savollarga aniq javoblar
Xabaringiz bor, 2026-yil 15-oktabrdan 30-noyabrga qadar mamlakatimizda ilk bor biznesni ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilmoqda. Quyida jarayon davomida ko‘plab berilayotgan savollarning javoblari keltirib o‘tiladi.
Biznesni ro‘yxatga olishda kimlar onlayn ishtirok etadi?
Biznesni ro‘yxatga olish jarayonida ma’lumotlar iqtisodiy birliklarning tashkiliy-huquqiy shaklidan kelib chiqib, yuzma-yuz suhbat yoki onlayn shaklda yig‘iladi. Yuridik shaxslar faoliyat yuritayotgan manzilga ro‘yxatga oluvchi xodimlar tashrif buyurib, sub’ektning nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, amaldagi faoliyat manzili, faoliyat yo‘nalishi va aloqa ma’lumotlari kabi umumiy ma’lumotlarni planshet orqali savolnomaga kiritadi. Iqtisodiy faoliyatga oid batafsil ma’lumotlar yuridik shaxslar tomonidan hisobot.stat.uz (eStat 4.0) axborot tizimi orqali mustaqil ravishda onlayn taqdim etiladi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar, oilaviy tadbirkorlar, hunarmandlar va boshqa shu toifadagi iqtisodiy birliklar bo‘yicha ma’lumotlar to‘liq yuzma-yuz suhbat asosida, ro‘yxatga oluvchilar tomonidan planshetlar yordamida yig‘iladi. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar esa census.stat.uz axborot tizimi orqali ro‘yxatga olish savolnomasini mustaqil ravishda onlayn to‘ldirishlari mumkin.
Tadbirkor bir nechta yo‘nalishda faoliyat yuritsa, biznesni ro‘yxatga olishda qaysi biri asosiy hisoblanadi?
Biznesni ro‘yxatga olishda tadbirkorning barcha faoliyat yo‘nalishlari o‘rganiladi. Asosiy faoliyat esa eng ko‘p qo‘shilgan qiymat yaratadigan yo‘nalish asosida aniqlanadi. Agar qo‘shilgan qiymatni aniqlash imkoni bo‘lmasa, eng yuqori aylanmaga ega faoliyat turi asosiy deb hisoblanadi.
Korxonada chet el fuqarolari ishlasa, ular ham biznesni ro‘yxatga olishda hisobga olinadimi?
Ha. Biznesni ro‘yxatga olishda korxonalarda faoliyat yuritayotgan xorijiy fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham o‘rganiladi. Savolnomada chet el fuqarolari ishlashi yoki ishlamasligi aniqlanadi. Agar ular mavjud bo‘lsa, 2025-yildagi o‘rtacha soni ko‘rsatiladi.
Korxona haqida davlat idoralarida ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, nima uchun biznesni ro‘yxatga olishda yana savolnoma to‘ldiriladi?
Mavjud ma’lumotlar har doim ham korxonaning amaldagi faoliyatini to‘liq aks ettirmasligi mumkin. Biznesni ro‘yxatga olish jarayonida iqtisodiy birliklarning haqiqiy faoliyat holati, bandlik darajasi va asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlari aniqlashtiriladi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari ham biznesni ro‘yxatga olishda ishtirok etadimi?
Ha. Nodavlat notijorat tashkilotlari ham biznesni ro‘yxatga olish tadbiri doirasida qamrab olinadi. Biznesni ro‘yxatga olish jarayonida ularning amaldagi faoliyat holati, bandlik ko‘rsatkichlari hamda iqtisodiy faoliyatiga oid tegishli ma’lumotlar aniqlashtiriladi. Bunda xizmatlar ko‘rsatish va boshqa iqtisodiy faoliyat natijasida olingan tushumlar hisobga olinadi. Davlat byudjetidan ajratilgan subsidiyalar va boshqa moliyalashtirish mablag‘lari iqtisodiy faoliyatdan olingan tushum sifatida hisobga olinmaydi.
Biznesni ro‘yxatga olish jarayonida hokim yordamchilari qanday vazifalarni bajaradi?
Hokim yordamchilari o‘zlariga biriktirilgan mahallalarda iqtisodiy birliklarni ro‘yxatga olish ishlarida ishtirok etadi. Bunda korxona va tashkilotlar, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda boshqa iqtisodiy birliklar haqidagi ma’lumotlar planshet qurilmalari orqali yuzma-yuz so‘rov asosida yig‘iladi. Shuningdek, ular mahallada ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgan iqtisodiy birliklarni ham qamrab olishda ishtirok etadi.
Biznesni ro‘yxatga olishda rasmiy va norasmiy xodimlar soni nima maqsadda so‘raladi?
Xodimlar soni haqidagi ma’lumotlar iqtisodiyotning qaysi tarmoqlarida qancha kishi mehnat qilayotganini, biznes sub’ektlarining faoliyat ko‘lamini hamda mehnat bozoridagi bandlik holatini baholash uchun zarur. Ushbu ma’lumotlar asosida hududlar va iqtisodiy faoliyat turlari kesimida bandlik darajasi, ish o‘rinlarining tarkibi hamda tadbirkorlik sub’ektlarining aholi bandligini ta’minlashdagi o‘rni aniqlanadi. Bu ma’lumotlar nazorat yoki mehnat tekshiruvi o‘tkazish maqsadida emas, balki ishonchli va umumlashtirilgan statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirish uchun yig‘iladi.
Ma’lumot uchun, biznesni ro‘yxatga olish tadbiri davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan savollarga javob berish uchun 1851 qisqa raqamli call-markaz faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.
Mohigul Qosimova tayyorladi,
O‘zA