Biznes-ombudsman devonining yarim yillik faoliyati tahlil qilindi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ochiq va samarali muloqot ruhida o‘tgan mazkur tadbirda Jamoatchilik kengashi a’zolari, tadbirkorlik sub’ektlari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Biznes-ombudsman Abdumannop Bo‘riyev boshchiligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish kun tartibidan uchta asosiy masala o‘rin oldi. Xususan, Biznes-ombudsman devonining 2026-yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyati atroflicha tahlil qilindi.
[gallery-30497]
Ma’lumotlarga ko‘ra, hisobot davrida 6 ming 400 ta murojaat kelib tushgan. Shuningdek, «Tadbirkor virtual ofisi» orqali 3 ming 609 ta murojaat qabul qilindi. Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish yuzasidan 1 ming 371 ta ta’sir chorasi qo‘llanilib, sudlarga 24,1 milliard so‘mlik da’vo arizalari kiritildi va 13,3 milliard so‘m mablag‘ undirildi. Nazorat organlari tomonidan o‘tkazilgan 104 ming 588 ta tekshiruv muvofiqlashtirilib, 5 ming 927 ta qonunbuzilish holati aniqlandi.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan «VI Ochiq muloqoti»ga tayyorgarlik ko‘rish va Respublika shtabi faoliyati atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, 15-maydan buyon 50 dan ortiq vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Respublika shtabi faoliyat yuritmoqda. Ochiq muloqotga tayyorgarlik doirasida 17-iyul holatiga ko‘ra 5 ming 247 ta murojaat kelib tushgan, shundan 2 ming 984 tasi hal etilgan. Mas’ul tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan 1 ming 507 ta uchrashuvda 22 ming 900 nafar tadbirkor ishtirok etdi va 8 ming 890 ta taklif hamda masala bildirildi.
Hududlar kesimida eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahri, Qashqadaryo, Samarqand , Farg‘ona viloyatlaridan kelib tushgan.
Bundan tashqari, tadbirkorlardan kelib tushayotgan murojaatlar sohalar bo‘yicha tahlil qilinganda, eng ko‘p masalalar moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, yer va kadastr, soliq administratsiyalashuvi hamda infratuzilma tarmoqlariga ulanish bo‘yicha ekani ko‘rsatib o‘tildi. Respublika shtabi huzuridagi Ekspert guruhlari tomonidan biznesni tartibga solishni soddalashtirish va tashqi iqtisodiy faoliyatga oid 278 ta tizimli muammo saralab olinib, ularni qonunchilik darajasida hal etish bo‘yicha tegishli takliflar paketi tayyorlanmoqda.
Jamoatchilik kengashi shunchaki muhokama maydoni emas, balki turli sohalarda aynan amaliy tajribaga ega bo‘lgan eng yetakchi ekspertlarni birlashtirgan muhim platformadir. Yig‘ilishda har bir yo‘nalish bo‘yicha tadbirkorlarni aynan nimalar tashvishga solayotgani va ularni qiynayotgan asl muammolarni bevosita soha ichida yurgan mutaxassislar tilidan eshitish va chuqur tahlil qilish jarayoniga alohida ahamiyat qaratildi.
Tadbir davomida Jamoatchilik kengashi a’zolarining taklif va tashabbuslari alohida eshitildi. Ishtirokchilar tomonidan nazorat qiluvchi organlar o‘tkazayotgan tekshiruvlar shaffofligini oshirish, tadbirkorlarga asossiz moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishining oldini olish, iqtisodiyotning drayver yo‘nalishlarida tadbirkorlar uchun qo‘shimcha qulaylik va imkoniyatlar yaratish, ularning faoliyatiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan ortiqcha byurokratik to‘siqlarni kamaytirish hamda Ochiq muloqot arafasida kichik va o‘rta biznes vakillari uchun qo‘shimcha yengilliklar yaratish yuzasidan aniq takliflar ilgari surildi.
Yig‘ilish yakunida Jamoatchilik kengashi a’zolari tomonidan bildirilgan barcha taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, tegishli qarorlar qabul qilish uchun Biznes-ombudsman devoniga taqdim etildi.
Gulnoza Boboyeva,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA